1

2026 yilga borib iqtisodiyotimiz ehtiyojlarini qondirish uchun 6 million tonnaga yaqin metall kerak bo`ladi - Prezident

Iqtisodiyot 12.08.2022, 13:23
2026 yilga borib iqtisodiyotimiz ehtiyojlarini qondirish uchun 6 million tonnaga yaqin metall kerak bo`ladi - Prezident

Avval xabar qilganimizdek, prezident Shavkat Mirziyoev ayni paytda Bekobod shahrida metallurgiya sohasi vakillari va tadbirkorlar bilan uchrashuv o`tkazmoqda.

Qayd etilishicha, o`z vaqtida “Metkombinat” uchun 800-900 ming tonna ikkilamchi qora metall (lom)ni qayta ishlash etarli bo`lgan edi. Lekin, bugungi kunda iqtisodiyotimizda qora metallga bo`lgan talab 4 million tonnani tashkil etib, uning 50 foizi import hisobidan qoplanmoqda.

Xususan, qurilishda yiliga 2,4 million tonna, muhandislik tarmoqlari uchun – 680 ming tonna, sanoatda – 970 ming tonna, shundan mashinasozlik va elektrotexnikada – 450 ming tonna metall ishlatiladi.

Kelgusi besh yilda metallga ehtiyoj mashinasozlikda – 1,4 barobarga, elektrotexnikada – 2 barobarga oshishi kutilmoqda. Shuningdek, hududlarda 7 mingdan ziyod ko`p qavatli uylar quriladi.

–Bu – 2026 yilga borib iqtisodiyotimiz ehtiyojlarini qondirish uchun 6 million tonnaga yaqin metall kerak bo`ladi, degani. Jumladan, 2 million tonna metall prokati, 550 ming tonna temir list, 3 million tonna metall buyumlar talab etiladi,– dedi davlatimiz rahbari. Shu bilan birga, so`nggi besh yilda jahon bozorida metallga bo`lgan talab oshgani bois uning narxlari 1,3 barobarga o`sgan. Bundan tashqari, bugungi murakkab vaziyatda etkazib berish zanjirlari uzilishi, yirik xorijiy metallurgiya korxonalari faoliyatidagi qiyinchiliklarni ham ko`rib turibmiz. Bu holatlar qurilish va ishlab chiqarish tannarxiga, tarmoqlarimiz raqobat-bardoshligiga salbiy ta`sir ko`rsatayotgani ham, ayni haqiqat.

Bundan faqat bitta xulosa – biz oldimizga qo`ygan katta maqsadlarga faqat va faqat metallurgiya sanoatini jadal rivojlantirish orqali erishishimiz mumkinligi qayd etildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1