Samarqand shahrida “Silk Road” Turizm markazidagi Kongress-xollda 27 sentyabr — Butunjahon turizm kuniga bag`ishlangan Kongress bo`lib o`tdi. Tadbirda davlat tashkilotlari, diplomatik korpus, sayyohlik tashkilotlari vakillari, tadbirkorlar, san`at namoyandalari, “Ipak yo`li” Xalqaro turizm va madaniy meros universiteti talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni Bosh vazir o`rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri, “Ipak yo`li” Xalqaro turizm va madaniy meros universiteti rektori Aziz Abduxakimov kirish so`zi bilan ochdi.
Bosh vazir o`rinbosari Prezident rahnamoligida O`zbekiston Hukumati tomonidan turizm sohasini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilayotganini hamda Butunjahon turizm kuni mamlakatimiz uchun ahamiyatli ekanini ta`kidlab o`tdi. Shuningdek, Abduhakimov ushbu sanani aynan Samarqand shahrida o`tkazilayotganining sababi, Samarqand xalqaro aeroportida joriy etilgan yangi rejimning o`ziga xosligi borasida izoh berdi.
"Yaqinda ShHT sammiti ham aynan Samarqandda bo`lib o`tdi, endilikda Samaqarqand xalqaro aeroporti ham "ochiq osmon" rejimida ishlaydi. Ya`ni xalqaro reyslar va yo`nalishlar uchun hech qanday cheklovlar bo`lmaydi. Bir so`z bilan aytganda, Samarqand O`zbekistonning turizm darvozasi bo`ladi", - dedi vazir.

Ma`lumki, turizm sohasidagi yutuqlarni rag`batlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 iyuldagi 433-son qarori bilan turizm sohasi vakillarini “Turizm fidoyisi” mukofoti bilan taqdirlash tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlangan edi. Shundan buyon mazkur sana munosabati bilan bir guruh turizm sohasi fidoyilarini tantanali taqdirlash an`anaga aylangan. Joriy yilda faxriy ko`krak nishoni bilan viloyat hokimliklari va turizmni rivojlantirish boshqarmalari, vazirlik va uyushmalar, muzeylar, ta`lim muassasalari, sayyohlik markazlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda restoratorlar, tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat 47 nafar laureat taqdirlandi. Qayd etish kerak, taqdirlanganlarning nomlari e`lon qilinar ekan, yig`ilganlar tomonidan har bir nomzod ushbu e`tirofga haqli ekanliklari ta`kidlab turildi. Jumladan, taqdirlanganlar orasida, Samarqand viloyalti hokimi Erkinjon Turdimov, jurnalist Amirxon Umarov, huquqshunos-bloger Xushnudbek Xudoyberdiev va ayniqsa so`nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda "kaskadyor kelinchak" obrazi bilan O`zbekiston turizimini keng targ`ib qilayotgan bloger Asal Saparbaeva va boshqa ko`plab soha vakillarini ko`rish mumkin.

Shuningdek, Butunjahon turizm kunida ShHTga a`zo mamlakatlardan kelgan “Ipak yo`li” Xalqaro turizm va madaniy meros universiteti talabalari va magistrantlarining qasamyod qabul qilish marosimi bo`lib o`tdi.
Ma`lumot uchun:
O`zbekiston hukumati har yili chet ellik talabalarga “Ipak yo`li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining magistratura bosqichida o`qish imkoniyati uchun 85 ta kvota ajratadi.
Ushbu grant doirasida xorijlik talabalarga Samarqandga aviachipta narxi (bir marta) qoplanadi. Stipendiya to`lanadi, kvartirani ijaraga olish uchun mablag` ajratiladi (shu jumladan, Samarqand shahridan bir xonali barcha shart-sharoitga ega kvartira ijarasi), shuningdek, yurtimiz bo`ylab sayohat qilish uchun yiliga ikki marta 100 AQSh dollari ajratiladi.







