Respublikaning ayrim dorixonalarida hamon "Quramax" kompaniyasi dorilari sotilayotgani aniqlandi

Jamiyat 03.02.2023, 20:56
Respublikaning ayrim dorixonalarida hamon "Quramax" kompaniyasi dorilari sotilayotgani aniqlandi

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti dori ishlab chiqaruvchilarni xomashyo va tayyorlash jarayoni sifatini nazorat qilishni kuchaytirish, hukumatlarni bozorlarda sifatsiz va qalbaki dori vositalari ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirdi.

2023 yil 26-27 yanvar kunlari "Yuksalish" umummilliy harakati tomonidan dorixonalarda taqiqlangan dori vositalarining sotilishini o`rganish maqsadida O`zbekiston bo`ylab 308 ta dorixona o`rganildi.

Natijada hududlarda dorixona xodimlari taqiqlangan dori vositalari sotilmasligi haqida xabardor qilingani ma`lum bo`ldi. Iste`molchilar huquqlarini ximoya qilish jamiyatlari federasiyasi, patronaj xizmatlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan aholi o`rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda, sotuvdan chiqarilgan dori vositalari ro`yxati tarqatilmoqda. Aksariyat dorixonalarda taqiqlangan dori vositalari sotuvdan olib qo`yilgan, biroq omborlarda hamon saqlanayotgani aniqlandi.

Monitoringda ma`lum bo`ldiki, ayrim dorixonalarda Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan sotuvi to`xtatilgan dori vositalari erkin sotuvda mavjud. Xususan, Qashqadaryo viloyati (Qarshi shahri) va Surxondaryo viloyatining ayrim dorixonalarida (Jarqo`rg`on tumanidagi "Surxon Markaziy", "Do`stlik" mahallalarida) Hindistonning "Marion Biotech Pvt. Ltd." kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan "Nolgripp Junior" yo`talga qarshi siropi, "Travamaks", "Nolgripp" va "Sinepar" tabletkalari va pastillarini hali ham xarid qilish mumkin. Aholi ushbu dori-darmonlarni yuz bergan fojiali holatlar, sog`liq va hayot uchun ehtimoliy xavflarga qaramay, avvalgidek sotib olmoqda.

Shu munosabat bilan "Yuksalish" umummilliy harakati quyidagilarga chaqirdi:

  • birinchidan, aholi, ayniqsa, chekka qishloqlar, poliklinikalar o`rtasida keng tushuntirish ishlarini o`tkazish;
  • ikkinchidan, Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan savdosi to`xtatilgan va sud tomonidan taqiqlangan dori vositalari ro`yxatini barcha dorixonalarning ko`rinadigan joyiga joylashtirish;
  • uchinchidan, Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan savdosi to`xtatilgan va sud tomonidan taqiqlangan, lekin  omborlarda saqlanayotgan barcha dorilarni, tadbirkorlarga etkazilgan zararning o`rnini qoplash masalasini ko`rib chiqqan holda, yo`q qilinishini ta`minlash.

"Monitoring natijalari bo`yicha materiallar (dorixonalar manzillari, cheklar) chora ko`rilishi uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligiga taqdim etildi",–deyiladi xabarda.  

Eslatib o`tamiz, O`zbekistonda "Dok-1 Maks" siropini ichish natijasida bolalar o`limi kuzatilgan so`ng aybdorlarni aniqlash, ularni javobgarlikka tortish va bunday holatlarning oldini olish choralari ko`rilmoqda. Jumladan, "Quramax Medikal" kompaniyasining O`zbekistonda farmasevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan lisenziyasi sud tartibida bekor qilindi, yaroqsiz dori vositalarini muomaladan chiqarib tashlash va ularni yo`q qilish to`g`risidagi talab qanoatlantirildi.

Sog`liqni saqlash vazirligi aholi salomatligini muhofaza qilish va boshqa dori vositalarini qo`shimcha tekshirish maqsadida 2022 yilda "Quramax Medical" tomonidan olib kirilgan barcha dori vositalari sotuvini to`xtatdi . Bular 36 turdagi dorilar bo`lib, ular ichiga "Dok-1 Maks", "Nolgripp" siroplari, "Travamaks" tabletkalari va eritma uchun granulalari kiradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1