#14_fevral_Zahiriddin_Muhammad_Bobur_tavallud_topgan_kun
Buyuk shoh va sarkarda, benazir shoir, o`zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili Zahiriddin Muhammad Bobur jahon madaniyati rivojiga ulkan hissa qo`shgan. Temuriyzoda hukmdor 47 yillik umri davomida ko`plab ulug` ishlarni amalga oshirib, o`zidan beqiyos moddiy va ma`naviy meros qoldirdi.
Shoirning g`azallari, ruboiylari, “Boburnoma”si, musiqa, tarix, geografiya ilmiga oid durdona asarlari uning naqadar serqirra iste`dod egasi ekanidan darak beradi.
Tarixdan ma`lumki, har bir buyuk inson ortida buyuk ayol turadi. Xususan, hukmdorlarning hayotida, olamshumul zafarlarida, ravnaqi va hatto inqirozida ham malikalar katta o`rin tutgan. Zahiriddin Muhammad Boburning katta ayoli Mohim begim ham temuriylar tarixidagi nihoyatda xushxulq, teran ilm sohibasi bo`lgan malikalardan biri edi.
Tarixiy manbalarda Mohim begimning ota-onasi to`g`risida aniq ma`lumotlar yo`q. Ammo, uning XV asrning oxirlarida Xurosonda tug`ilgani taxmin qilinadi.
Bobur ham "Boburnoma" Mohimni nikohiga olgani haqida yozarkan, qizning oilasi haqida to`xtalmagan. Ayrim tarixchilar Mohim begim Xost shahri hokimi Xoja Muhammad Alining singlisi bo`lganini aytishadi. Boburning o`zi ham tez tez bu shaharga borib turar, uning bir qancha farzandlari shu erda tug`ilgandi.
1506 yilda Xuroson hukmdori Husayn Boyqaroning o`limi munosabati bilan bu shaharga kelgan Bobur Mohim begimni uchratib qolgan va uni nikohiga olgan. Mohim begimning oilasi Husayn Boyqaro xonadoniga aloqador bo`lishi ham mumkin.
Mirzo Bobur har soxada Mohim begimga suyanar, fikrlarini tinglab, oilaviy muhitning nazoratini unga topshirgan edi. Unga Boburiylar saltanatidagi eng katta unvonlardan biri – “Podshoh begim” unvoni beriladi.
Mohim begim ham Bobur mirzoning didiga munosib ayol edi. Mohim ko`pgina safarlarida Boburga hamrohlik qilgan. Mohim begim Humoyundan keyin yana ikki o`g`il va ikki qiz – Borbul, Foruq, Mehr-Jahon begim va Eson Davlat begim ismli farzandlarni dunyoga keltirgan bo`lsa-da, ular go`dakligidayoq nobud bo`lishgan.
Bobur hatto boshqa ayoli dunyoga keltirgan farzandlarining tarbiyasini ham Mohim begimga ishonardi. Mohim begim zukko, kamtarin va sabrliligi bilan ajralib turardi. U o`g`li Humoyun Mirzoni nihoyatda zehnli, jasur va mard etib tarbiya qilgan, shu sababli Boburning hurmatiga, cheksiz e`tiboriga sazovor bo`lgan. Shu sababli ham Bobur kichik ayoli – Dildor og`acha dunyoga keltirgan ikki farzandi – Hindol va Gulbadanbegimni ham Mohim begim tarbiya qilishini istagan.
O`z navbatida Gulbadanbegim ham o`zining akasiga bag`ishlab yozgan “Humoyunnoma” asarida Mohim begimni alohida hurmat va ehtirom ila tilga oladi.
Ma`lumotlarga ko`ra, Bobur Hindistonning katta qismini egallaganidan so`ng, u Kobuldan Mohim begimni olib kelish uchun bir qancha otliqlar va qorovullarni yuboradi.
Malikaning yaqinlashib qolgani eshitgan Bobur mirzo tezda uning istiqboliga oshiqadi. U hatto otini egarlashlarini ham kutmasdan yarim farsax (taxminan to`rt chaqirim) yo`lni piyoda bosib o`tadi. Nihoyat olisdan Mohim begimning mahofasi ko`rinadi. Buyuk hukmdor uning istiboliga piyoda kelayotganini ko`rib Mohim begim ham mahofadan tushadi va Bobur tomon yuguradi...
Bobur mana bu o`tli misralari ham Mohim begimga bo`lgan buyuk muhabbat tufayli yaralgan bo`lsa, ne ajab:
Sochining savdosi tushdi boshima boshdin yana,
Tiyra bo`ldi ro`zgorim ul parivashdin yana...
Ma`lumki, 1530 yil 30 dekabrda Bobur vafot etadi.Uning katta o`g`li Humayun yigirma uch yoshida taxtga o`tiradi. U onasini hamisha boshiga ko`tarar, uning maslahatlariga amal qilardi. Biroq, Mohim begim erining vafotidan so`ng yana to`rt yil yashadi, xolos. 1534 yil 28 mart kuni u Agra shahrida dunyodan o`tadi.
Ayni paytga qadar Mohim begimning qaerda dafn etilgani ma`lum qilinmagan. Taxminlarga ko`ra, u dastavval Bobur mirzoniing yonida dafn qilingan. Ammo, oradan ko`p o`tmay, Boburning vasiyatiga binoan uning xoki Agradan Kobulga ko`chiriladi. O`sha paytda Mohim begimning ham xoki Kobulga keltirilganmi-yo`qmi, hali aniqlanmagan...
Rustam Jabborov, jurnalist