AsosiyMoziydan sado

Fayoztepa: Buddaviylikning O`zbekistondagi beshigi

'Fayoztepa: Buddaviylikning O`zbekistondagi beshigi'ning rasmi

Qadim yurtimiz asrlar davomida ne-ne davru davronlarni, tamaddun va tanazzullarni ko`rmadi, deysiz. Yurtimizga Islom dini kirib kelguniga qadar, ajdodlarimiz turli dinlarga topinganlar. Yurtimiz hududida turli davrlarda tangrichilik, moniylik, mazdakiylik, zardushtiylik kabi dinlarga e`tiqod qilishgan. 

Dunyoning turli muzeylarida va kolleksiyalarda O`zbekiston hududidan olib ketilgan turli bebaho eksponatlar – islomiy e`tiqodni o`zida aks ettirgan joynamozlar, tasbihlar, qo`lyozmalar, fotosuratlar qatorida yahudiydarning Tavrot o`qish uchun lavhlari, zardushtiylarning suyak saqlanadigan ostadonlari, nasroniylarning xoch tasviri tushirilgan idishlari, qadimgi hind ma`budlari rasmi o`yilgan tangalar va hokazolarni uchratish mumkin.

Bir paytlar mamlakatimiz janubida buddaviylik dini keng quloch yoygani, bu hududdan topilgan osori atiqalar, ibodatxona qoldiqlarida ham o`z aksini topadi. Termiz yaqinidagi Fayoztepa yodgorligi ham fikrimizning yaqqol dalilidir.

Buddaviylik nimaga buyuradi?

Ma`lumki, buddaviylik ham islom va nasroniylik singari sayyoramizda keng yoyilgan dunyoviy  dinlar qatorida turadi. Bugun Xitoy, Yaponiya, Koreya, Vetnam, Mo`g`uliston, Hindiston, Tailand, Myanma, Kamboja  singari mamlakatlarda 700 milliondan ortiq aholi shu dinga e`tiqod qiladi.

Garchi buddaviylik Islomda tan olingan yakkaxudolik dinlariddan bo`lmasa-da, bu dinda ham olijanoblik, bag`rikenglik, sabr-qanoat, soflik kabi tushunchalar qadrlanadi.

Manbalarga ko`ra, bu dinga miloddan avvalgi 543 yilda qadimgi hind shahzodasi Siddharta Gautama asos soladi. Rivoyatlarga ko`ra, u otasning yagona vorisi bo`lib, podshoh bolaligidan o`g`lini turli yomon tasavvurlar va his-tuyg`ulardan himoyalab kelardi. U saroydan tashqariga chiqqanida birinchi bor, keksalik, kasallik, o`lim haqidagi tushunchalarga ega bo`ladi va butun duyondan ko`ngli soviydi. Tarki dunyo qilib, xilvatga chekinadi. Shu tariqa u hayotning asl mazmunini kashf etishga kirishadi va o`z ta`limotini yaratadi. Keyinchalik u Budda Shakyamuni nomini oladi.

Budda ta`limotiga ko`ra, bu hayot faqat azob-uqubatlardan iborat. Bu uqubatlarning asl sababi odamlarning nafsoniy istaklaridir. Inson azob uqubatlardan xalos bo`lishi uchun ana shu istaklaridan voz kechishi lozim. Shundagina u abadiy halovat – nirvanaga erishadi.

Budda ta`limotida barcha tirik mavjudotlarga, insonlarga, hayvonot va nabotot olamiga mehr-muhabbat bilan boqish, dunyoning lazzatlari va hoyu havaslardan voz kechishga da`vat etiladi.

Jayhun qirg`og`idagi antiqa topilma

1963 yil. Ko`hna Surxon vohasining Jayhun sohiliga tutash hududida L.Albaum boshchiligidagi ekspedisiya xodimlari tarix sirlarini ochishga chandon ahd qilib, eng shimarib ishlashmoqda. Shu payt arxeologlardan biri tuproq qatlamlari orasidan oppoq ganchdan yasalgan haykal boshini topib oladi.

Arxeologlar chindan hayratda qolishgan edi. Chunki ular bir qarashdayoq haykal Buddaga tegishli ekanini tushunib etishgandi. Bu chinakam shov-shuvli topilma edi. Axir hali O`zbekiston bu hududdan buddaviylik madaniyatiga tegishli osori atiqalar deyarli topilmagan edi.

Haykal boshi Termiz O`lkashunoslik muzeyiga topshirildi. Bu hududda qidiruv-tekshiruv ishlari esa to`xtab qolmadi. Bu ishlarda mazkur muzey direktori R. Fayozov katta yordam berdi. Uning o`zi tunu kun arxeologlarning qavatida turib, zamin qa`rida asrlar davomida yashirinib yotgan sinoatlarni o`rganishga kirishdi. (Keyinchalik bu tarixiy hudud O`lkashunoslik muzeyi rahbarining otasi nomi biln atala boshladi.)

Fayoztepa buddaviylik majmuasi keng to`siqlar bilan birlashgan devorlarida chuqur tokchalari bor o`n to`qqizta alohida hujradan iborat. Fayoztepa qazishmalarida olimlar ko`plab qiziqarli topilmalar: mahalliy ma`budlar va podsholar, Budda huzuriga ta`zimga borayotgan rohiblar va oddiy fuqarolarning tasvirlarini topdilar.

Ibodatxonaning asosiy qismida Buddaning meditasiya holatidagi haykali yaxshi saqlangan, uning chehrasi sokin va parishon. Sal o`ngroqda ibodatxona ustida poydevori xochga o`xshash va butkul dumaloq gumbazli uncha katta bo`lmagan hovoncha qurilgan bo`lib, uning ichida haykalning kichraytirilgan nusxasi joylashgan.

O`z vaqtida qurilmada topilgan rohiblar hujralari, ziyoratchilar uchun joylar, xo`jalik xonalari bu joy nafaqat ibodatxona, balki monastir (yashab ibodat qilinadigan joy) ham bo`lganligidan dalolat beradi. 

Faqatgina bu erda emas...

Keyinchalik Surxondaryo hududida olib borilgan arxeologik izlanishlar natijasida Qoratepa, Darvarzintepa, Ajinetepa, Xolchayon, Zurmala singari hududlardan ham buddaviylikka oid ibodatxona qoldiqlari, ibodat ashyolari va haykallar namunalari topildi.

Bunday topilmalar qo`shni Afg`oniston va Tojikiston hududlarida ham aniqlangan. Xususan, Jayhunning narigi sohiliga yaqin Bomiyon viloyati ham buddaviylik dinining qadimiy markazlaridan edi. Bu erda miloddan avvalgi birinchi asrda tog` bag`rida Buddaning bahaybat haykali o`yib ishlanadi. Asrlar davomida bu tosh haykal insoniyat qo`li bilan yaratilgan beqiyos mo``jizalardan biri sifatida insoniyatni hayratga solib kelgan. Bu hududga islom dini kirib kelganidan beri o`tgan 11 asr mobaynida ulkan Budda haykalini yo`qotish hech kimning xayoliga kelmagandi. Chunki, u endi ibodat manbai sifatida o`z ahamiyatini yo`qotgan, hech kim bu tosh sanamga topinmay qolgan esa-da, hamma uning ulkan mahobati oldida bosh egardi.

Faqat XX asrning oxirlarida Afg`onistonning katta qismni qo`lga kiritgan Toliblar hukumati bu qadimiy haykalni yo`qotishga qaror qildi. Butun dunyo hamjamiyatining keskin qarshligiga qaramay, 2001 yilning 26 fevral kuni hukumat boshlig`i Mulla Muhammad Umar ushbu haykalni yo`q qilish haqida ko`rsatma berdi. Shu tariqa, ulkan san`at asari minalar yordamida kunpayakun qilindi.

Bir paytlar Yunon-Baqtriya, Salavkiylar, Kushon davlatlari hududida buddaviylik keng taraqqiy etgan. Xususan Kushon shohi Kanishka hukmronigi davrida buddaviylik yagona davlat dini darajasiga ko`tarildi. Buni arxeologik tadqiqotlarning natijadari ham ko`rsatib turibdi.

Yapon olimining bajarilmagan vasiyati

2006 yilda, uzoq davom etgan restavrasiya ishlaridan keyin Fayoztepa Buddaviy majmuasi tashrif uchun ochildi va ochiq osmon ostidagi noyob muzeyga aylandi.

Chindan ham ibodatxna ichiga kirib, bir paytlar ziyoratchilar topingan muhtasham mehrobni tomosha qilish asnosida ko`z oldingizda olis asrlarning ajib manzarasi yuz ochadi. Ibodatxona tashqarisida esa, ming yillarni ko`rgan ko`hna devor xarobalari... G`alati kayfiyat...

Bu erda zoq yillar tadqiqot olib borgan yapon arxeologi Kyudzo Kato ham Fayoztepani umrining mazmuni deb bilgan edi. Qariya Kato 94 yoshida ham o`z yurtiga qaytishni o`ylamay, shu erda ilmiy izlanishlarini davom ettirdi. U vafotidan so`ng jasadini Fayoztepada dafn etilishini istardi. U shu zaminda, Surxondaryoda omonatini topshirgan bo`lsa-da, uning so`nggi orzusi amalga oshmadi. Yaqinlari baribir uning jasadini Kunchiqar yurtga olib ketishdi...

Rustam Jabborov

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar

    'Eron shahanshohining o`zbek tilidagi farmoni'ning rasmi

    Moziydan sado 17.02.2024 23:35

    'Bobur sirg`a taqqanmi?'ning rasmi

    Moziydan sado 13.02.2024 23:27

    'Sayyid Olimxon: G`ariblikda jon bergan amir'ning rasmi

    Moziydan sado 04.02.2024 23:42

    'Behbudiyning qabri qaerda?'ning rasmi

    Moziydan sado 27.01.2024 22:58

    'Ulug`bek qatliga ko`nmagan qozi'ning rasmi

    Moziydan sado 22.01.2024 23:01