Zahiriddin Muhammad Bobur ham shoir va olim, davlat va jamoat arbobi sifatida o`zidan bebaho ma`naviy meros qoldirdi.
U XV asrning oxiri — XVI asrning birinchi yarmidagi Movarounnahr, Xuroson va Hindistonning siyosiy va madaniy hayotiga oid muhim tarixiy manba sanalgan «Boburnoma» nomli mashhur asarini yozgan. Asar juda katta tarixiy va adabiy ahamiyatga ega bo`lib, asarda u borgan mamlakatlarning tarixi, turmush tarzi, o`simliklar va hayvonot dunyosi haqida ham muhim ma`lumotlar berilgan va bu o`z o`rnida uning qiziqishlar doirasining kengligini ham aks ettiradi. «Boburnoma» Boburiylar davridayoq fors tiliga tarjima qilingan va hind miniatyurasining eng yaxshi ustalari tomonidan rasmlar bilan bezatilgan.
Hozirgacha Boburning hayotlik davrida ishlangan portret suratlari bor-yo`qligi noma`lum. Bobur siymosini biz hammamizga ma`lum bo`lgan qizil sallada, bog`da mutolaa bilan mashg`ul holati aks etgan miniatyura orqali tasavvur qilamiz. Ushbu miniatyura ayni paytda London kutubxonasida saqlanadi.
Portret 1 610-1 615 yillar oralig`ida Boburning nevarasi Jahongir davrida yaratilgan. Suratda Bobur Mirzo bog`da, ariq bo`yida kursi ustida o`tiribdi. U mutolaaga berilgan, bir oyog`ining poyabzali echilib, ikkinchi oyog`ining ustiga qo`yilgan holati tasvirga hayotiy samimiylik baxsh etadi.
Bobur XVII asrdagi Markaziy Osiyo-Hindiston an`analariga mos tasvirlangan. Shoh egnidagi qizil yaktak ustidan sarg`ish tusli kamzul kiygan. Kamzulda bir qancha ohular tasviri bor. Boshiga sariq tusli yo`l-yo`l salla o`ragan, sallaning tepa qismiga hukmronlik va zodagonlik ramzi bo`lgan ukpar (qarqara pati bo`lishi mumkin) qadalgan.
Ko`pchilikning bu rasm Boburning aynan shia mazhabidagi qizilboshlar sallasida tasvirlangan degan fikriga qo`shilish qiyin. Ma`lumki, Bobur Shayboniyxonga qarshi kurash paytlari 1 510 yilda Safaviylar hukmdori Shoh Ismoil I ning yordamiga tayaingan, uning shia oqimi ramzi hisoblangan o`n ikki o`ramli sallasini qabul qilgan. Bu aholi o`rtasida Bobur sunniy e`tiqodidan voz kechib, shialikni qabul qildi, degan xato tushunchalar shakllanishiga olib kelgan. Natijada, xalqning noroziligi sababli Bobur Movarounnahrin tark etib, Afg`oniston orqali Hindistonga yo`l olgan va u erda markazlashgan davlat barpo etgan.
Ammo, suvratdagi salla qizilbosh hukmdorlariga tegishli emas. Chunki, safaviylar davridagi qiziboshlarning bosh kiyimlariga e`tibor qaratsak, ular Boburdan farqli tarzda qizil rangli salla va “toji Haydariy” deb atalgan uzunchoq kuloh kiyganlarini ko`ramiz. Shoh Ismoil Safaviyning o`zi ham to`rtburchak naqshli maxsus salla o`ragan.
Suratda hukmdorning qulog`idagi sirg`a kishining e`tiborini tortadi. Chunki, o`rta asrlarda, Movarounnahr va Xurosonda turkiy hukmdorlar sirg`a taqishgani haqida ma`lumotlar uchramaydi. Bu surat Bobur vafotidan taxminan bir asr keyin chizilganini hisobga olsak, bu davrda hind miniatyuralarida sirg`a taqqan hukmrdorlar tasviri keng tarqalgan.
Aslida sirg`a taqish qadimgi turkiylarga xos odat sanalgan. Xusuchsan, Panjakentdan topilgan devoriy suratlarda turkiy qiyofali jangchilar sirg`a bilan tasvirlanganini ko`ramiz. 1155-1230 yillarda Kavkazda, Abxaziya hududida hukmronliklar Beshteginlar sulolasini ham “sirg`ali hukmdorlar” deb atashgan. Ular Saljuqiylarga tobelik ramzi o`laroq har doim qulog`iga sirg`a taqqan. Dastlab Saljuqiylar davlatidan ajralib chiqqan Beshtegin avlodlari keyinchalik mo`g`ullar bosqini natijasida tor-mor etilgan.
Boburning keyingi avlodlari – Jahongir, Akbar, Avrangzebning miniatyuralarida ham ular qulog`ida sirg`a bilan tasvirlanganini ko`ramiz. Noma`lum musavvir ushbu an`anaga xos ravishda Boburni ham shu ko`rinishda tasviralagan bo`lishi mumkin.
Miniatyurada Bobur yuz tuzilishida barcha temuriylarga xos sinchkov, xiyol qisiq ko`zlar, siyrak soqol, dumaloq, oq-sariqdan kelgan yuz, ingichka qoshlar ko`zga tashlanadi. Bu ko`rinish Bobur haqidagi zamondoshlarining ta`riflariga mos keladi. Darhaqiqat, Boburning xuddi shunday qiyofasi Britaniya muzeyida saqlanayotgan, «Boburnoma» qo`lyozmalarini bezab turgan boshqa ko`plab miniatyuralarda ham uchraydi.