Ma`lumki, bizning o`zbekcha - ona tilimiz bir paytlar bugungidan ko`ra kattaroq maydonda qo`llangan va hozirgidan yuqoriroq mavqega ega bo`lgan. Garchi o`tmishda o`zbek tili atamasi u qadar keng qo`llanmasa-da, to XX asr boshlariga qadar bu tilni turk tili, turkiy til, hoqoniy lahjasi, chig`atoy tili kabi nomlar bilan atab kelishgan.
Chingizxon bosqinidan so`ng O`zbekiston hududining katta qismi Chingizxonning ikkinchi o`g`li Chig`atoy (1183-1242) qo`l ostida bo`lgani sababli uzoq muddat bu mulkni Chig`atoy ulusi deb ataganlar va ular gapirgan tilni keyinchalik chig`atoy deb atashgan. Usmoniylar, Safaviylar, qojorlar va boshqa qo`shni davlatlar ham o`z tillarini farqlab turish uchun bizning huduudidamizda ishlatiladigan badiiy tilni “Chig`atoy tili” yoki “lahjasi” deb ngomlaganlar.
Sohibqiron davrida 1404-1405 yillar Samarqandda safarda bo`lgan ispan elchisi Don Ryui Gonzvales de Klavixo ham mahalliy turkiy xalqlarni chig`atoylar deb atagan. XX asr boshlarda bir guruh o`zbek ziyolilari, jadid bobolarimiz tuzgan adabiy-badiiy to`garakni ham behuda “Chig`atoy gurungi” deb atashmagan. Qo`shni davlatlarda ham Movarounnahr va Xurosonda qo`llangan, Alisher Navoiy go`zal asarlar bitgan turkiy tilni chig`atoy tili deb atashgan.
Ma`lumki, bugungi Eron hududida turkiy sulolalar so`nggi ming yil davomida, 1005 yildan 1925 yilga qadar hukmronlik qilishgan. Bugungi kunda ham mamlakatdagi turkiy xalqlarning umumiy soni 40 million kishidan ortadi. Shu sababli o`tmishda Eron hududida turkiy tilning ikkita adabiy shakli – o`g`uz (mumtoz Ozarboyjon) va chig`atoy (eski o`zbek) tillari fors tili bilan yonma-yon ishlatilgan. Bu tilda badiiy va ilmiy asarlar, rasmiy hujjatlar yaratilgan.
Misol tariqasida, Eronda hukm surgan oxirgi turkiy sulola – qojorlarning taniqli vakili, Fathali Shohning (1772-1834) 1806 yil 12 dekabr sanasida Muhammad Shafi` Qadimiyni sadri a`zam vazifasiga tayinlash haqidagi farmonini olish mumkin. Chig`atoy turkchasi – eski o`zbek tilida bitilgan bu tarixiy hujjat ayni paytda Eron Islomiy sho`rosi majlisi kutubxonasida №1453 raqami ostida saqlanmoqda. Farmon qojorlar saroyi munshiysi Mirza Muhammad Roziy Tabriziy tomonidan bitilgan bo`lib, unda quyidagi satrlarni o`qiymiz:
“Chun davlatli, izzatli, saodatli, irodatli, majdatli, najdatli, qiyosatli, farosatli, oqibatli, bandalik jomasin xoma ignasi ila tikkan va chokarlik donasin yurak mazra`inda ekkan eski xidmatkor, issiq-sovuqqa poydor, mumtahan ul-hazrati ulyo, mu`tamanus-saltanati uzmo Mirzo Muhammad Shafi` Qadimiykim, tayyi lisonidin mushtariy boshinda taylason va husni bayonidin tiri dabir bezabondur.
Burung`i zamondin qullug`imizda bel bukub va tiriklikda bor-yo`qin yo`limizda to`kub, qatla-qatla qattiq ishlarg`a tushub, turluk-turluk kishilar birla ko`rushub, sahobi inoyati shohona tomchilaridin iqbolining o`langin ko`kartgay, va rif`atimiz uchukidin a`molining yurtin yashnatgay. Vazorat to`ni ila injulik bo`yin to`nadik va tushkunlukda marhamat qo`li ila bukilmish belini tiradukkim, davlati pobarjo barcha raiyat va yasoqlig` aning istimoidin farog`at yostig`ig`a yastanarlar va aning so`zi mamlakatimizning kuntug`aridin kunbotarig`adek sinalmish sanalurlar. Uluslarning xayri duosidin zoti humoyunimizg`a ulushlar tegurgay va in`omimiz oidasidin foydalar ko`rgay”.
Bir qarashdayoq, bu hujjat klassik Ozarboyjon tilida emas, Navoiy, Bobur, Ogahiy, Mashrab singari shoirlarimiz ijod qilgan mumtoz o`zbek tilida hozirlanganini ko`rish mumkin.
Farmondan ma`lum bo`lishicha, Muhammad Shafi` Qadimiy uzoq yillar qojorlar saltanatiga sadoqat bilan xizmat qilgani e`tiborga olinib, uni sadri a`zam (bosh vazir) lavozimiga tayinlashgan. Mamlakat shahanshohi imzolagan ana shunday muhim hujjatning eski o`zbek tilida bitilishi tilimiz o`sha paytlarda yurtimiz tashqarisida ham qanchalik e`tiborli bo`lganidan darak beradi.