Ijara to`lovini tovar aylanmasidan hisoblaydigan soliq to`lovchilar uchun "E-ijara" da yangi imkoniyat yaratildi. Bu haqda Soliq qo`mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, soliq to`lovchilar bilan o`tkazilayotgan uchrashuvlarda, shuningdek mahallabay o`rganishlar jarayonida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan takliflardan kelib chiqib "E-ijara" interaktiv xizmatiga yangi funksiya qo`shildi.
Endilikda tovar aylanmasidan ijara haqi hisoblanishi bo`yicha tuzilgan ko`chmas mulk ijara shartnomalarini ham "E-ijara" dasturi orqali hisobga qo`yish mumkin.
Buning uchun ijaraga beruvchi shaxs ijara shartnomasini hisobga qo`yish jarayonida “Tovar aylanmadan ijara to`lovi” tugmasiga belgi qo`yishi hamda tovar aylanmasidan to`lanadigan ijara to`lovi stavkasini ko`rsatishi lozim.
Agar ijara to`lovi belgilangan minimal stavkadan past bo`lsa, ijaraga berishdan olingan daromad uchun soliq oylik ijara to`lovining minimal stavkalaridan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
Ijaraga oluvchi tomonidan shartnoma tasdiqlangach u soliq organlarida hisobga qo`yiladi. Hisobga qo`yilganligi to`g`risidagi guvohnomada ijara to`lovi tovar aylanmasidan hisoblanishi to`g`risidagi ma`lumot hamda ijara to`lovi stavkasi aks etadi.