Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatida aholi turar joyiga ayiq kelib qolganligi haqida xabarlar tarqaldi. Xabar yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi ma`lumot berdi.
15 may kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi “Jannatmakon” MFY hududiga kutilmaganda ayiq kelib qolgan. Yirtqich hayvon aholi turar joylariga kirib, insonlar hayotiga xavf tug`dirgan. Ayiqni zararsizlantirish jarayonida yirtqich IIB xodimlaridan biriga tashlangan va jarohat etkazgan. Shu bilan birga, 74-sonli maktab hududiga kirgan.
Holat kutilmaganda yuz bergani, ayiq tajovuzkor harakat qilgani va maktab o`quvchilari hayotiga xavf tug`dirganligi sababli tezkor chora ko`rish talab qilingan va yirtqich otib o`ldirilgan. Ayiq jarohat etkazgan IIB xodimi esa tibbiy tekshiruvdan o`tkazilmoqda.