Shavkat Mirziyoev rejissyor va aktyorlar, kinoshunoslar, soha mutasaddilari bilan suhbatlashdi.
- So`nggi yillarda milliy kinomiz qayta “uyg`ondi”, desak to`g`ri bo`ladi. Yuqori saviyali, zamonaviy sifatli filmlar paydo bo`ldi. Buning uchun sizlarga minnatdorlik bildiraman. Shu bilan birga, kinematografiyani rivojlantirish uchun yana nimalar qilishimiz kerak, degan savol meni o`ylantiradi. Agar tariximizni dunyoga tarannum etmoqchi bo`lsak, xalqimizning milliy g`ururini ko`tarmoqchi bo`lsak, buni birinchi navbatda kino yordamida amalga oshirishimiz kerak, - dedi davlatimiz rahbari.
Bu 2024-2030 yillarga mo`ljallangan strategik dastur bo`lib, eng qadimgi o`tmishimizdan tortib, yaqin tariximizgacha bo`lgan juda katta davrni qamrab oladi. Yaratilajak filmlarning mavzusi keng va rang-barang.
Jumladan, miloddan avvalgi VI asrda yashagan milliy qahramonimiz Shiroq haqida, milliy davlatchiligimiz tarixida o`chmas iz qoldirgan Alp Er To`nga, Sohibqiron Amir Temur va temuriylar haqida, shu paytgacha etarli o`rganilmagan shayboniylar haqida, qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz va boshqa mashhur adiblar haqida, buyuk allomalarimiz va milliy istiqlol kurashchilari haqida hikoya qilinishi ko`zda tutilgan.
Loyihada chet ellik hamkorlar, xususan, Ispaniya, Germaniya, Vengriya, Rossiya, Belarus, Turkiya, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Ozarboyjon, Qozog`iston, Turkmaniston, Tojikiston kabi davlatlarning kino san`ati ustalari ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.
– Albatta, bu dastur va g`oyalarni amalga oshirish uchun ko`p moddiy imkoniyat talab etilishini, yuzlab iste`dodli mutaxassislar zarurligini ham barchamiz yaxshi bilamiz. Qanchalik qiyin bo`lmasin, biz tom ma`nodagi ulkan, tarixiy bu loyihaning moliyaviy masalalarini hal qilamiz. Nega deganda, ushbu dastur shonli o`tmishimizni chuqur anglab, shu asosda kelajakka ishonch bilan dadil qadam qo`yishga, yoshlarni chinakam vatanparvar insonlar qilib tarbiyalab, Uchinchi Renessansni barpo etishga katta turtki bo`ladi, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Muloqotda kinoijodkorlar mazkur turkum filmlar va sohani rivojlantirish yuzasidan takliflarini bildirdi.