1

“Tatimagan tekin muzqaymoq”

Madaniyat 02.06.2024, 12:52
“Tatimagan tekin muzqaymoq”

1 iyun kuni “Ashxobod”da tekinga o`yinchoq va muzqaymoq tarqatish tadbiri o`tkazilganligi va bu katta tirbandlikka sabab bo`lgani haqida xabar bergan edik.

Toshkent shahar IIBB xabariga ko`ra, bog` direktori, o`rinbosari, reklama bo`limi boshlig`i 15 sutkaga qamaldi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 1 iyun kuni soat 12:00 da Toshkent shahridagi “Ashxobod” ko`ngil ochar bog`ida tekinga 20 000 ta o`yinchoq va muzqaymoq tarqatilishi haqida bog` ma`muriyati tomonidan ijtimoiy tarmoqda reklama chiqarilgan.

Biroq, bir vaqtning o`zida o`yinchoq oluvchi va kuzatuvchilar bilan taxminan 40 000 nafar fuqarolarni bog` hududida jamlashning imkoni bo`lmasligi, yo`l harakati va fuqarolar xavfsizligini ta`minlash talablarga javob bermasligi sababli bu tadbirni o`tkazmaslik haqida bog` rahbariyati ogohlantirilgan. 

Lekin bog` ma`muriyati ommaviy tadbirlarni o`tkazish talablariga rioya etmasdan, tekinga o`yinchoqlar tarqatilishi haqidagi reklamani ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatishgan va bog` hududida hamda uning atrofida  aholini ommaviy ravishda to`planishiga sababchi bo`lgan.

Natijada, bog` hududiga kirish-chiqish va ayrim ichki yo`nalishlarida tiqilinch vaziyat hamda boqqa olib keluvchi, shuningdek, yaqin avtomobil yo`nalishlarida 10 ballik tirbandliklar yuzaga kelgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning sa`y-harakati bilan bu tirbandliklar bartaraf etilib, fuqarolar tinch tarqatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan bog` direktori 1981 yilda tug`ilgan A.N., direktor o`rinbosari 1987 yilda tug`ilgan A.Z., reklama bo`limi boshlig`i 1994 yilda tug`ilgan D.T.larga nisbatan MJtKning 185-3, 200-1, 201-moddalariga asosan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan ushbu fuqarolarga 15 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1