Vazirlar Mahkamasining 11 yanvardagi "Davlat mulkini ijaraga berish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2016 yil 2 maydagi 132-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritish haqida"gi qarori qabul qilindi.
Hujjat umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasbiy ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlanishni ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etish hamda tadbirkorlik subyektlari uchun samarali raqobat muhitini yaratish maqsadida qabul qilingan.
O‘zgartirishlarga ko‘ra, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining oshxonalari E-auksion tizimida o‘tkazilgan tanlov asosida ijaraga beriladi.
Quyidagi talablarga javob beradigan ijaraga oluvchilar tanlovda ishtirok etishlari mumkin:
- tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tgan;
- umumiy ovqatlanish bo‘yicha kamida 6 oy davomida faoliyat yuritayotgan;
- oshxona faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha maxsus jihozlarga ega bo‘lgan;
- shartnoma va sud hujjatlari bo‘yicha zimmasida ijara hamda soliq to‘lovlaridan qarzdorligi mavjud bo‘lmagan.
Bunda ijaraga oluvchi arizasiga ushbu talablarga javob berishini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari va tegishli ma’lumotlarni ilova qiladi. Tanlovda g‘olib deb e’tirof etilgan ijaraga oluvchi bilan ijara shartnomasi shu davrdagi o‘quv yili uchun tuziladi.
Majburiyatlarini muddatida va to‘liq bajarib kelayotgan ijaraga oluvchi bilan shartnoma muddati keyingi o‘quv yillariga uzaytirilishi mumkin. Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13 yanvardan kuchga kirdi.
Ta’lim tashkilotlari o‘zlarining budjetdan tashqari mablag‘lari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, ovqatlanish uchun to‘lanadigan to‘lovlar hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan oshxona faoliyatini tashkil etishi mumkin.
Ta’lim tashkiloti oshxonasida oziq-ovqat mahsulotlari va taomlarni tayyorlashda hamda ularni saqlashda sarflanadigan gaz, suv, elektr energiyasi uchun to‘lovlar alohida o‘rnatilgan hisoblagichlarning ko‘rsatkichlariga muvofiq oshxona mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Ta’lim tashkiloti rahbari tomonidan oshxona xodimlariga haq to‘lash, oziq-ovqat mahsulotlari va taomlarni tayyorlash uchun sarflanadigan oziq-ovqat xomashyolari qiymati, kommunal to‘lovlar hamda rentabellikni inobatga olgan holda taomlar narxi hisob-kitobi (kalkulyatsiyasi) tasdiqlanadi.
Vakolatli organlar ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish holatini o‘quvchilar va ularning ota-onalari o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazish orqali monitoring qiladi. Monitoring natijalari har chorak yakunida vakolatli organlarning rahbarlari huzuridagi yig‘ilishlarda hamda ta’lim tashkilotlarining pedagogik kengashlarida muhokama qilinadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar, ta’lim tashkiloti oshxonalaridagi mavjud texnologik jihozlarning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari hamda sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar bajarilishiga rioya qilish, oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar sifati yuzasidan nazorat tadbirlari olib boriladi.