Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tasarrufidagi Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligi Duob o‘rmon bo‘limi hududida jami 104 dona Zarafshon archa daraxtlari tag qismidan kesilganligi va o‘sishdan to‘xtamas darajasida shikastlantirilganligi aniqlandi.
Shuningdek, Duob o‘rmon bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlagan Z.B. hamda 4 sarhad o‘rmon qo‘riqchisi vazifasida ishlagan H.E.ga o‘z lavozim vazifasiga loqaydlik bilan qaraganligi uchun ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, shu hududda Zarafshon archa daraxtlarining 38 donasi noma’lum shaxslar tomonidan tag qismidan va yon shoxlari kesilganligi aniqlanib, o‘rmon qo‘riqchisi H.E.ga takroriy ma’muriy jarima qo‘llanilib, o‘rmon xo‘jaligiga 94 million 387 ming 500 so‘m zarar yetkazilganligi hisoblangan va Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘uzor tumanlararo sudiga da’vo ariza kiritilgan.Bundan tashqari, Duob o‘rmon bo‘limi 3 sarhad hududida ham noma’lum shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda 6 dona Zarafshon archa daraxtlari o‘sishdan to‘xtash darajasida tag qismidan va o‘sishdan to‘xtamaslik darajasida kesib ketilganligi aniqlangan. Hudud o‘rmon qo‘riqchisi R.B.ga nisbatan ma’muriy chora qo‘llanilib, o‘rmon xo‘jaligiga yetkazilgan 41 million 400 ming so‘m zarar yetkazganligi ma’lum bo‘lgan va hujjatlar sudga yuborilgan.
Qolaversa, aynan mazkur hududda fuqaro H.A. tomonidan 8 dona (zarar miqdori 25 million 387 ming 500 so‘m) Zarafshon archasi tag qismidan va yon shoxlari kesilayotganligi aniqlangan va ma’muriy jarima qo‘llanilib, hujjatlar Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘uzor tumanlararo sudiga yuborilgan.Shu bilan birga, noma’lum shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda 49 dona Zarafshon archa daraxti o‘sishdan to‘xtash darajasida tag qismidan va yon shoxlari o‘sishdan to‘xtamaslik darajasida kesib ketilgan. Natijada o‘rmon xo‘jaligiga 176 million 587 ming 500 so‘m zarar yetkazilgan va zararni undirish uchun hujjatlar Dehqonobod tuman prokuraturasiga o‘tkazilgan.
Duob o‘rmon bo‘limi hududida jami 104 dona Zarafshon archa daraxti tag qismidan kesilgan va o‘sishdan to‘xtamas darajada shikastlantirilgan.Holatlar yuzasidan o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan ma’sul shaxslarga, huquqbuzarlarga nisbatan chora belgilash masalalari ko‘rib chiqilmoqda.