Bolaning burjiga qarab iqtidorini aniqlaymiz!

SUG'DIYONA 15.12.2016, 10:21
Teglar: Ayol, Oila, Bola, Ona va bola
Bolaning burjiga qarab iqtidorini aniqlaymiz!

Burjlar nafaqat fe`l-atvor, kelajakdagi taqdirimizni o`rganishda, balki iqtidorimizni aniqlashda ham  muhimdir. Masalan, bolalarni olaylik. Ayni dam bolangizni biror kasb-hunarga yo`naltirishni rejalashtirayotgan bo`lsangiz, bu tanlov  uning iqtidoriga qanchalik mos kelishi va kelajakda qanday foyda berishini bir tekshirib ko`ring. Mazkur vazifani uddalashda psixologiya fanlari nomzodi, dosent – Feruza Akramova ko`maklashadi.

 

Hamal-bolakay

(21.03-20.04)

Ushbu burjda tug`ilgan bolalar juda faol bo`lishadi. Tezlik va harakatchanlik – ularga xos. Bu bolalardagi etakchilik xususiyatini to`g`ri yo`naltira bilish kerak. Mazkur burjdagi bolalar bir xillik, sokinlik va tanqidni yoqtirishmaydi. Ular musiqa, ilm, kashfiyotchilik va ijodiy izlanish talab etuvchi sohalarda yuqori cho`qqilarga erishishlari mumkin. Chunki ajoyib lider va notiq bo`lishadi. Qolaversa, Hamallar yangilik yaratishga moyil hamdirlar. Qaysarliklari, o`zlarinikini ma`qul bilishlari va yoqtirmagan mashg`ulotlaridan tez zerikishlari-da bor gap.

Agar farzandingiz mazkur burj vakili bo`lsa, uning iqtidorini yuzaga chiqarishda ko`proq faollikni talab etuvchi sohalarni tanlang. Katta-kichik yutuqlarini ham rag`batlantiring.

Savr-bolakay

(21.04-20.05)

Fe`l-atvoriga ko`ra, tashqi bosimni yoqtirmaydi. Shu bois qay bir sohani tanlash kerakligini bolaning o`zi hal qilishi kerak. Uning qiziqishlarini qanchalik rag`batlantirib, xayrixohlik qilsangiz, iqtidori shunchalik sayqal topib boradi. Muhimi, bolangizni shoshiltirmang. Iqtidori asta-sekin namoyon bo`lishiga sharoit yarating. Savr burjidagi bolakay qo`l mehnati bilan bajariladigan hunarlar, pianinoda musiqa chalish, kuylash, rassomlik, dizayn yo`nalishi bo`yicha iste`dodli bo`ladi. Ushbu burjdagi bolalardan go`zallik saloni boshqaruvchisi, restoran va boshqa ko`ngilochar maskanlar tashkilotchisi, ishbilarmon, kosmetik vositalari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar asoschilari etishib chiqishi mumkin.

Javzo-bolakay

(21.05-21.06)

Ushbu burjda tug`ilgan bolalarning aqliy faoliyatini go`dakligidanoq shakllantirish darkor. Javzo bolakaylar har qanday ma`lumotni tez ilg`ab oladigan, atrofidagi hodisalarni tezroq bilishni istaydigan bo`lishadi. Bunday bolalarning savolini javobsiz qoldirib bo`lmaydi. Agar uning iqtidorini rivojlantirishni istasangiz, ko`proq suhbatlashishingiz, yangi ma`lumotlar bilan tanishtirib borishingiz va ishtiyoqini rag`batlantirib turishingiz lozim. Javzolar boshlagan ishlarini oxiriga etkazmay, yarim yo`lda tashlab ketishlari ham mumkin. Shu bois bunday bolaning qiziqishini qo`llab-quvvatlash kerak. Javzo bolakaylar kichikligidan to`g`ri yo`naltirilsa, ulardan iqtidorli jurnalist, muxbir, siyosatchi, sharhlovchi, savdo sohasi mutaxassisi etishib chiqadi.

Saraton-bolakay

(22.06-22.07)

Saraton burjida tug`ilgan bolakayning fe`l-atvoriga diqqat qilsangiz, u o`z atrofida “kichik uycha” qurib, undan chiqmaslikni yoqtiradi. Ya`ni o`z bilganini ma`qullab, boshqalarga quloq solishi qiyin. Bunday bolakayga kichikligidan ota-onasining mehri, e`tibori va g`amxo`rligi kerak. Shunday bo`lsa-da, bolaning mustaqil fikrlashiga to`sqinlik qilmaslik zarurligini ham yodda tuting. Imkon qadar qat`iyati shakllanishiga yordam beruvchi sport turlari, muomalaga kirishimlilikni o`rganishda notiqlik, san`at, texnika to`garaklariga jalb qilish lozim.

Saraton burjidagi bolakay bilan shug`ullanilmasa, keyinchalik o`z qobig`ida o`ralib qolib, biror ishni mustaqil boshlab olishi qiyin bo`ladi. Bu burjdagi bola iqtidorini tarix, arxeologiya, rassomlik, arxitektura yo`nalishlariga yo`naltirsangiz, kelajakda ayni sohalarda etakchi mutaxassis bo`lishi mumkin.

Asad-bolakay

(23.07-23.08)

Bu bolalar haqida gapirganda ular hamisha birinchi bo`lishni yoqtirishlarini aytish lozim. Asad burji vakillari doimo diqqat e`tiborda bo`lishni ham xush ko`rishadi. Ular katta sahnalarda aktyorlik mahoratini namoyon etishga, musiqa, rassomlik, arxitektura yo`nalishlarida izlanishga moyil bo`lishadi. Ushbu burjda tug`ilgan bolada qat`iyat va majburiyat hissi yuqori. Shu bois har qanday vazifani ham a`lo darajada bajarishga urinadi.

Asad burjida tug`ilgan bolaning iste`dodini ijod, huquq va sportga yo`naltirsangiz, kelajakda undan etuk huquqshunos, kinotanqidchi, rahbar, tashkilotchi, siyosatchi hamda diplomat etishib chiqadi.

Sunbula-bolakay

(24.08-23.09)

Tabiatan o`tkir zehn sohibi bo`lgan sunbula burjidagi bolalar xotira mustahkamligi bilan ham ajralib turadilar. Ular har qanday ma`lumotni oxirigacha o`rganib, mohiyatini tushunishni istashadi. Bunday bolalar bilan shunchaki suhbatlashmay imkon qadar foydali ma`lumotlar, zarur maslahatlar haqida so`zlashish lozim. Sunbula burjida tug`ilgan bolalar matematika, fizika, kimyo, tibbiyot, psixologiya, farmasevtika hamda tarix fanlarini mukammal o`rganishga yo`natirilsa, kelajakda ilmiy darajaga erishgan mutaxassislar etishib chiqishi mumkin. Ushbu burjda tug`ilgan bolalar aqliy salohiyat jihatidan chet tillarini yaxshi o`zlashtirishadi.

Agar farzandingiz sunbula burjida tug`ilgan bo`lsa, uning qiziqishini hurmat qilib, ko`proq o`z ustida ishlashi va bilimini mustahkamlashiga ko`maklashing.

Mezon-bolakay

(24.09-23.10)

Farzandingiz mezon burjida tug`ilgan bo`lsa, hoynahoy, uning ijodiy qiziqishlarini payqagan bo`lsangiz kerak. Bunday bolalarda barmoq harakatlari, musiqiy ohanglarini farqlash va yodda saqlash qobiliyati  shakllangan bo`ladi. Burjga xos o`zgaruvchanlikka ko`ra, ularning qiziqishlari ham o`zgarib turishi mumkin. Bunday paytlarda ota-onalar bolaga bosim o`tkazmay, boshqa qiziqishlarini ham sinab ko`rishga ijozat berishlari va so`nggi tanlovni uning o`ziga qo`yib berishlari lozim. Boladagi muomala san`ati uning kelajakda diplomatik sohada faoliyat yuritishi mumkinligini anglatadi.

Mazkur burjda ko`plab mashhur rassom, yozuvchi va san`at ustalari hamda davlat arboblari tavallud topgan. Agar farzandingiz iste`dodini qaysi sohaga yo`naltirishni bilmayotgan bo`lsangiz, notiqlik, san`at tarixi yoki adabiyotga qiziqishlari haqida o`ylab ko`ring.

Aqrab-bolakay

(24.10-22.11)

Bu burjda tug`ilgan bolalar kichiklikdan sinchkov va boshlagan ishlarini oxiriga etkazmay qo`ymaydigan bo`lishadi. Agar aqrab burjida tug`ilgan farzandingiz “Nega shunday?”, “Keyin nima bo`ladi?”, degan savollarni kanda qilmasa, uni pisand qilmaslik noto`g`ridir. Chunki bolangiz o`ziga kerakli ma`lumotni olmaguncha tinchimaydi. Undagi bu xususiyat tadqiqot ishlari, ilmiy izlanishlar talab qiluvchi sohaga bo`lgan qiziqishini bildirishi mumkin. Texnika, konstruktorlik, huquq kabi sohalarda iqtidorini sezsangiz, shu yo`nalishlarga e`tibor qarating. Iste`dodini kashf eta olsangiz, ulg`aygach, yuridik soha, tibbiyot, kimyo, falsafa, aviasiya va texnika yo`nalishi bo`yicha mutaxassisga aylanishi mumkin.

Qavs-bolakay

(23.11-21.12)

Qavs burjidagi bolalarga erkinlik juda muhim. Agar uning fikrini ma`qullamay, pisand qilmasangiz yoki unga bosim o`tkazib o`zingiznikini uqtirishga urinsangiz, hech qanday natijaga erisholmaysiz. Bunday bolalarni nimalarnidir kashf qilish, sarguzashtlar qiziqtiradi. Hamisha qandaydir fikrlar, o`ylar bilan band bo`lib, yangilik sari intiladi. Shu bilan birga bu burjdagi bolalarda chet tillari, geografiya, jahon adabiyoti fanlariga qiziqish yuqori. Agar Qavs burjida tug`ilgan farzandingizni chet tillariga yo`naltirsangiz, undan mohir tarjimon chiqishi mumkin.

Jadiy-bolakay

(22.12-20.01)

Tabitan o`ta jiddiy, kattalarday fikrlaydigan, tartibli va mas`uliyatli bolalar ushbu burj vakillari sanaladi. Bunday bolalar ota-onalarining rag`bati va e`tiborini his etishsa, yanada g`ayrat bilan izlanishadi.

Ushbu burjda tavallud topgan bolalarda tashkilotchilik xislati anchayin yuqori. Bolaning qiziqishidan kelib chiqib, uni arxitektura, mashinasozlik, konstruktorlik hamda notiqlik san`ati yo`nalishlariga jalb qilishingiz mumkin. Jadiy burjidagi bolalarning iste`dodlari kelajakda rahbarlik lavozimlariga mos salohiyatni namoyon etadi. Shunga ko`ra, bolangizga aniq fanlar, chet tillari hamda falsafa fanlaridan saboq bersangiz, foydadan xoli bo`lmaydi.

Dalv-bolakay

(21.01-20.02)

Farzandingiz kichikligidan mustaqil bo`lishga, o`z fikri, dunyoqarashi mavjudligini isbotlashga urinadimi? Tashvishlanmang, bu Dalv burjidagi bolalarga xos fe`l-atvor. Bunday bolalar yangiliklarni, g`aroyibotlarni yoqtirishadi. Imkoni bo`lsa, ushbu burjda dunyoga kelgan farzandingizga kompyuter olib bering. Ekstrimal sport turlariga qiziqish bildirsa, bunga to`sqinlik qilmang. Dalv burjidagilar bir qolipga tushib qolishni yoqtirishmaydi. Sizga ma`qul kelgan biror qiziqishni bolangiz bajarishni istamasa, majburlab ovora bo`lmang. Shaxs sifatida tan olinish, mustaqillik, majburiyat talab qilmaydigan sohalarda ishlash istagi ularning fe`l-atvoriga xos. Farzandingizni biror hunarga yo`naltirishni istasangiz, shu omillarni hisobga oling.

Hut-bolakay

(21.02-20.03)

Bu burjdagi bolalarning tasavvuri nihoyatda boy bo`lib, ular hayratlanish, xayoliy o`ylardan zavqlanish xususiyatlari bilan ajralib turadilar. Bunday bolalar ijodiy iqtidor talab etadigan har qanday sohada ildam odimlashadi. Rang-tasvirni farqlash, musiqa ohangiga mos tebranish, kuy maromini tushunish hut burjida tug`ilgan bolalarning iqtidoridan darakdir. Agar ushbu burjda tug`ilgan farzandingizning iste`dodi yuzaga chiqishini istasangiz, uni san`at, aktyorlik, notiqlik kabi ijodiy sohalarga yo`naltiring.

 

Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi.

 

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1