1

BOLA VA PUL. QAYSI YoShDA QANDAY MUNOSABATDA BO`LISh KERAK?

SUG'DIYONA 15.12.2017, 15:42
Teglar: Psixologiya
BOLA VA PUL. QAYSI YoShDA QANDAY MUNOSABATDA BO`LISh KERAK?

Farzandlarimiz pulga qanday munosabatda bo`lishi kerak? Bu borada bizning xohishimiz qanaqa? Bular ahamiyatsiz savol emas, ularga yana bir qancha qo`shimchalar qilish mumkin: bola necha yoshdan pulni sarflashga o`rganishi kerak? Farzandlar oiladagi moliyaviy muammolarni bilishi kerakmi? Agar bolaning xohlagan narsasi olib berilaversa, unda u qachon pulning qadr-qiymatini biladi? Hammamiz farzandlarimiz pul bilan to`g`ri munosabatda bo`lishini, uning qadrini bilishi, lekin mukkasidan ketmasligini, pulni ishlatishini, biroq behudaga sarflamasligini, tejamkorlik qilishini, ammo xasis bo`lmasligini xohlaymiz. Bunga qachon va qanday o`rgatish kerak?

Bir qarashda umuman zid tushunchalardek ko`rinsa-da, bu mavzuda albatta farzandimiz bilan suhbalashishimiz kerak. Bolani puldan himoyalamasdan, uni to`g`ri sarflashni o`rgatib borish kerak. Bu bilan farzandimizda mustaqillik, javobgarlik hislarini uyg`otamiz. Shuningdek, unda tanlov imkoniyati ham paydo bo`ladi.

Maktab yoshigacha bo`lgan bolalarga pul berish kerakmi?

Ruhshunoslar va bolalar bilan ishlashda ko`p yillik tajribaga ega pedagoglarning bu borada javoblari qat`iy: YO`Q! Bu javobni esa ular shunday izohlashadi: maktabgacha yoshda bo`lgan bolalar doim ota-onalari bilan yurishadi. Barcha sarf-xarajatlarini ular uchun kattalar amalga oshiradi, bolalar bog`chasida esa ularga «o`zlarining pullari» kerak bo`lmaydi. Bu yoshda pulga bo`lgan talab jamoada o`z o`rnini egallashni istashida namoyon bo`ladi. Lekin bunday o`zligini ko`rsatish bola fe`lining rivojlanishiga salbiy ta`sir qiladi. Axir bola o`z bilim va salohiyati bilan emas, o`yinchoqlar va pul hisobiga ajralib turishni istamoqda.

Kichkintoyni bolalarga xos bo`lmagan imtiyozlar bilan ta`minlash ularni ruhiy rivojlanishiga aks ta`sir ko`rsatadi. Bunda ular mehnat va mashaqqatlarsiz hamma narsaning tayyoriga ega bo`lishga o`rganib qolishadi. Natijada mehnat qilishni bilmaslik va xohlamaslik — infantilizm vujudga keladi.

Bolaga 7-8 yoshidan boshlab tanga ko`rinishidagi mayda pullarni berib borish mumkin

Bir qarashda o`yinchoqdek, bundan tashqari, do`kondan biron nima sotib olishi ham mumkin. Shu bilan birga, unga bu tangalarni yig`ishga mo`ljallangan idish ham sovg`a qiling. Bu idishga pul solib, o`zi yoki yaqinlariga sovg`a uchun ham yig`ishi mumkinligini tushuntiring. U yiqqan pullaridan o`zi erkin foydalanishi mumkinligini, lekin ota-ona ta`qiqlagan narsalarni sotib olmasligini bilsin.

Agar oilada xayr-ehson qilish kabi odatlar bo`lsa, bunga farzandingizni ham jalb eting. Bu ishlarni nima uchun qilayotganingizni gapirib bering, bolaning ongida ro`zg`ordan pul ortganida boshqalarga ham yordam berish mumkinligi haqida fikr paydo bo`ladi. Lekin «boy odamlar», «puldorlar» haqida aslo gapirmang. Buning oqibatida bolada hasadgo`ylik kabi tuyg`ular paydo bo`lishi mumkin.

9-10 yoshdan boshlab boladan oiladagi moliyaviy muammolarni bekitmaslik mumkin

Suhbat davomida farzandingizni oilangizdagi tejamkorlik qoidalari bilan asta-sekin tanishtirib boring. Va bunday qoidalarga hamma yaxshi odamlar amal qilishini alohida ta`kidlab o`ting. Eng asosiysi — oiladagi pullarning barchasi ota-onaning mashaqqatli mehnatlari evaziga kelganini tushuntirish.

Yaxshi xulq va baholar uchun pul bilan rag`batlantirish kerakmi?

Albatta YO`Q! Bolada a`lo baho, aniqrog`i, bilim u uchun emas, balki faqat ota-onaga kerak, degan fikr paydo bo`lishi mumkin. Pul berishayaptimi, demak, ularga bu nima uchundir kerak-da! Bola o`qishga emas, baho olishga qiziqib qoladi. Ko`proq pul olish va ota-onasini xafa qilmaslik uchun ayyorlik qilishni boshlaydi va yomon baholarini bekitadi. Uy ishlariga qarashgani uchun pul berilishini ham tavsiya etmagan bo`lardik. Oilada mehr, bir-birini tushunish va qo`llab-quvvatlash birinchi o`rinda turadi. Pul evaziga ishlarni bajargan bola yollangan ishchi bo`lib qoladi. Bu esa oila prinsiplariga to`g`ri kelmaydi. Shuningdek, bola hamma ishni pul evaziga bajarishga o`rganib qoladi. Ish buyurganingizda, «Xo`p bo`ladi, oyijon!» demay, «Qancha berasiz?» deb turishini xohlamasangiz kerak?!

O`spirin yoshdagi bola va pul

Bu mavzu ancha nozik va murakkab. Pul va bu yoshdagi bolani nazoratsiz qoldirib bo`lmaydi. O`smirlar erkin bo`lishga intiladi, hozirgi zamonda esa ularni yo`ldan ozdiradigan narsalar talaygina. Bu borada o`smirlarga aniq yo`naltirilgan moliyaviy yordam berish mumkin. Masalan, kerakli o`quv qo`llanmalar, kiyim-kechak yoki ota-ona tasdig`idan o`tgan qiziqishlar uchun. Bu yoshdagi bolalarni ro`zg`or uchun bozorga tushganingizda birga olib borishingiz, bozor va pul munosabatlarini o`rgatishingiz mumkin. Albatta bozorga borganda uning fikriga ham tayaning, «Olmaning 1000 so`mlisini olamizmi yoki 1500 so`mlisinimi?» kabi savollar bilan uning jarayonda ishtirok etishiga yordam bering.

«Ta`til vaqtida ishlayman» deb taklif bildirgan farzandingizga qarshilik qilmang. O`z mehnati bilan topilgan birinchi pullar o`smirlar hayotidagi katta voqea hisoblanadi. O`z imkoniyatini real baholay oladi va pul qanday ishlab topilishini tushunib etadi. Endi farzandingizdan «Bor-yo`g`i yuz ming ekan-da» degan gapni eshitmaysiz. Atrofidagi insonlarning va narsalarning qadriga eta boshlaydi. Ishlab topgan pulining ma`lum qismini oilasiga ajratishi esa o`smirda javobgarlik hissini rivojlantiradi.

Muhtabar opa, 50 yosh: — Bolaga har doim ham oiladagi moliyaviy muammolarni aytish shart emas. Asosiysi, uydagi pulni ota-onasi mehnat qilib, qiyinchilik evaziga olib kelayotganini bilsin. Lekin bolaning oldida «Oyligim kam chiqibdi», «Pulimiz yo`q» deb aytishni to`g`ri deb hisoblamayman. Bu gaplarni eshitgan bola o`zini kamsitilgandek hisoblaydi, atrofdagi odamlar bilan oilasini solishtiradi. O`zidan yaxshiroq yashayotgan oilalarga nisbatan hasad hissi uyg`onadi. Ota-ona oz miqdordagi pulni farzandlari biladigan joyga qo`yib, bu pul zarur bo`lgan vaziyatlarda (masalan, ota-ona ishdaligida non olib kelish, do`stlarining tug`ilgan kuniga borish va shunga o`xshash holatlarda) ishlatilishini tushuntirishi kerak. Ota-onaning ishonchi farzandda uydagi pulga nisbatan mas`uliyatni paydo qiladi.

Mahfuza, 32 yosh, uy bekasi: 4 farzandim ham maktabda o`qiydi. Ular kamdan-kam hollarda (masalan, o`rtoqlarining tug`ilgan kuni yoki maktab fondi uchun) pul so`rashadi. Bolalarning maktabi uyimizdan chamasi 100 metr uzoqda bo`lgani uchun ularga ortiqcha pul bermaymiz. Tushlikda eyishlari uchun esa buterbrod qilib beraman. Bolalarga 10 yoshidan keyin pul berish to`g`ri deb hisoblayman.

Aziza, 12 yosh, 7-sinf o`quvchisi: — Oilamizda ro`zg`or uchun bozor-o`charni dadam qiladi. Katta farzand bo`lganim uchunmi, ko`pincha dadam meni va 10 yoshli ukamni o`zi bilan bozorga olib boradi. Bu jarayon bizga juda yoqadi. Sotuvchilar bilan savdolashishi biz uchun qiziqarli. Maktabda ishlatishim uchun ota-onam menga va ukamga har kuni 1000 so`m berishadi. Bu pulni tushlikka ishlatamiz.

Akbar, 18 yosh, talaba: — Ota-onam uyda pulni qaerda saqlashlari, qancha oylik olishlarini bilmayman. Bunga qiziqmaganman ham. Yo`lkiram va ovqatlanishim uchun har kuni pul berishadi. Yonimda qancha ko`p pulim bo`lsa, nimagadir sarf-harajatim ham o`sha kuni ko`payib ketadi. Pulim kamligida esa uni tejab, hatto uyga orttirib kelaman. Ota-onamdan olgan pullarimni tejashga harakat qilaman. «Bergan pulimizni nimaga ishlatding?» deb so`rashganida har doim to`liq javob bera olaman.

Bolalar ruhshunosi Anjim ShAMShETOVA tavsiyalari asosida Dilnoza MIRTOLIPOVA tayyorladi.

Sharhlar

BOLANI OZODALIKKA O`RGATAMIZ

21.12.2017, 18:34

Qani endi bolangiz sizni hech javratmay o`zi yuz-qo`lini, tishlarini yuvsa, yotgan o`rnini yig`ishtirsa... Bu aksar ota-onalar uchun bir orzudek. Aslida, bolani ozodalikka o`rgatish qiyin ish...
ARAZChI BOLANI QANDAY TARBIYaLASh KERAK?

21.12.2017, 18:21

— 10 yoshli qizim juda arazchi. Sal gapga yig`laydi, xafa bo`ladi, ovqat emay qo`yadi. Uni ko`p erkalatishga ham qo`rqaman. Qanday munosabatda bo`lishga hayronman… Saida, Zangiota...
BOLAGA NIMA SOVG`A QILISh MUMKIN?

21.12.2017, 18:16

Jiyanlar, dugonalarning, qo`shnilar va tanishlarning farzandlariga sovg`a tanlayotib, chalkashib ketmaslik uchun bolalarning yoshini inobatga oling. Masalan: 1-2 yoshli bolakaylar qo`g`irchoqlar, yumshoq o`yinchoqlar, kubiklar, suratli kitoblar,...
YaNGI YILNI NIShONLASh SSENARIYSI

21.12.2017, 18:16

Yangi yil — nafaqat bolalar, hatto kattalar ham niyatlari ijobat bo`lishiga ishonadigan ertakmonand bayram. Lekin u ayniqsa bolajonlarga katta quvonch ulashadi. Axir bu kunda ular...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1