AsosiySUG'DIYONA

OVSINLAR UChUN YoZILMAGAN 10 QOIDA

'OVSINLAR UChUN YoZILMAGAN 10 QOIDA'ning rasmi

Odatda, ovsinlar o`rtasida raqobat bo`ladi. Bu tabiiy hol. Chunki ovsinlar qaynsingil yoki qaynukadan farqli o`laroq, qaynotayu qaynona oldida teng huquq va mavqega ega AYoLlardir. Ha-ha, aynan AYoLlar! Ular shunday bir hilqatki, har erda, har jabhada beqiyos va yagona bo`lishni istashadi. Shundanmi, kundosh kundoshga paxta, ovsin ovsinga tosh otadi, degan maqol xalq orasida ko`p tilga olinadi. Modomiki, shunday ekan, bu raqobatning dushmanlikka aylanib ketmasligi, aksincha, oila yakdilligi va hamjihatligini, turmush totuvligini ta`minlaydigan kuchga aylanishi uchun nima qilmoq kerak?

1. Ovsin – opa yoki singil emas!

Bilib qo`ygan yaxshi: ovsin — qarindosh. U opa yoki singil emas! Tabiiyki, dushman, deb ham bo`lmaydi. Shu bois unga yovqarash ham, o`ta yaqinlashib ketish ham noto`g`ri. Ovsin dugona bo`lolmasligi mumkin, biroq qiyin vaziyatlarda yoningizda turib beradi. O`zingiz ham bilasizki, kichkinangiz dunyoga kelganida kattangizga qarab turgan, eringizning issiq-sovug`idan xabar olgan, tug`ruqxonadan chiqadigan kuningiz yugurib-elib kutib olgan ovsiningizdir.

2. Siringizni boy bermang

Tilga ehtiyot bo`lish kerak. Ovsiningiz sizga ko`nglini ochib, dardini aytsa, hamdard bo`ling, ammo evaziga siz ham dardingizni dasturxon qilmang. Negaki, u o`zining aytganlarini batamom unutib, faqat sizning deganlaringizni yodda saqlab qolishi va bir kuni uni sizga qarshi qurol sifatida qo`llashi ham mumkin.

3. O`chakishib nima ham topardingiz?

Ba`zi ovsinlar ochiq-oshkor raqobatlashishmasa-da, zimdan bir-birlariga qarshi bo`lishadi. Ovsinning qozoniga bildirmay tuz solib qo`yish, dorga yoyib qo`ygan kirlariga qo`l artib ketish kabi “hazil”lar shular jumlasidandir. Siz esa bunday pastkashlikka aslo qo`l urmang. Sabr qiling yoki taktikani o`zgartiring, ya`ni ovsiningizni tarbiyalashning boshqa o`ziga xos yo`lini o`ylab toping. Toki, u kutilmagan yaxshi munosabatdan dovdirab, qilayotgan ishlaridan uyalib qolsin.

4. Janjalga bolalar sababchi bo`lmasin

Shunday qilingki, bolalar o`zaro nizoni sizning aralashuvingizsiz hal qilishga o`rganishsin. Ular kunda urishsa, siz ham kunda oraga tushib, asabingizni buzavermaysiz-ku, axir?!

5. Chaqmachaqarlikdan yomoni yo`q!

Eringiz hamda uning qarindoshlariga ovsiningizni yomonlamang. U g`iybat qilgan taqdirda ham, siz unimaqtab turaversangiz, kim yaxshi, siz yaxshi bo`lasiz. Yana shunisi ham borki, qarindoshlarning ovsiningiz bilan munosabati iliq bo`lishi mumkin. Balki qaynonangizning unga mehri bo`lakchadir yoki eringiz sizga uylanguniga qadar qilgan yaxshiliklari uchun kelinoyisini hurmat qilar. Agar shunday bo`lsa, siz ovsiningizni yomonlab, uning o`rnini egallay olmaysiz.

6. G`iybatga ne hojat?

Til — suyaksiz. Birovning kamchiligini muhokama qilaturib, ortiqcha gapirib yuborish ehtimoli katta. Bunday holatda yutqazgan siz bo`lishingiz mumkin. Tasavvur qiling, ovsiningizga qaynsinglingizning eri o`tli-shudli emasligini shunchaki gap orasida qistirib o`tdingiz. Oradan uch kun o`tmay, qaynsinglingiz: «Nega erimni yomonlading?», deb boshingizga kelishi hech gap emas.

7. Har kimning o`z daxlsiz hududi bor

Sarhadlaringizni yaxshilab qo`riqlaganingiz holda ovsiningizning hududiga ham daxl qilmang. Masalan, bir hovlida turadigan ovsinlarning alohida-alohida supurgisiyu chang artadigan lattasi bo`lgani ma`qul. Maishiy texnika ham bitta qo`lni yaxshi ko`radi. Kir yuvish mashinasi, gaz plitasi yoki mikroto`lqinli pech umumiy bo`lishi mumkin, ammo, changyutkich, fen, dazmol va televizor har kimning o`ziniki bo`lishi maqsadga muvofiq. Ovsiningizning ro`zg`ori bo`lak bo`lsa, sizdan uzoqda yashasa, uyiga boradigan bo`lsangiz, mehmonligingizni unutmang. Uning javonlari, oshxonasi yoki muzlatkichiga zinhor burun suqmang.

8. Qaynog`a — og`a emas!

Ayrim kelinlar qaynisi yoki qaynog`asi bilan haddan ortiq yaqin bo`lgani, ya`ni ularni akasi yo ukasidek ko`rgani xotinlariga yoqmaydi. Chunki har bir ayol erining hayotida muhim o`rin tutadigan shaxs bo`lishni istaydi. Turmush o`rtog`iga yaqin bo`lgan har bir ayolni dushmandek qabul qiladi. Bu tabiiy hol. Tasavvur qiling, siz eringizning ayni damda qaerdaligini bilmaysiz, ovsiningiz esa biladi. Sizga og`ir botadimi? Demak, pichoqni o`zingga ur, og`rimasa birovga, deganlaridek, qayningiz yo qaynog`angiz haqida ovsiningizdan ortiqroq biror ma`lumot bilsangiz, ichingizda saqlang. Unutmang, uning xotini bor, siz esa shunchaki qarindoshsiz. Tanganing boshqa tomoni ham bor. Agar qayningiz yoki qaynog`angiz bilan munosabatingiz yomon bo`lsa, ovsiningiz orqali uni yaxshilashga harakat qiling. Ot qayoqqa yo`rg`alasa, arava ham shu tomon yo`l oladi.

9. Vazminlik — bebaho xususiyat

Bir kun kelib, baribir, nizo chiqadi. Olaylik, u sizning qaysidir gapingizni noto`g`ri tushundi yoki qaynonangiz ovsiningizni hadeb maqtayvergani g`ashingizga tegib, uning ko`ngliga qattiq botadigan biror gap aytib yubordingiz. Siz ikkitani aytasiz, u ham uchtani deydi. Qarabsizki, kechagina chaqchaqlashib, norin to`g`rashib o`tirgan ovsinlar bugun bir-biriga yov. Shu bois janjal chiqmasligiga harakat qiling. Mabodo, munosabatlar murakkab tus ola boshlasa, o`zingizni bosishga va ortiqcha so`zu xatti-harakatlardan tiyilishga intiling. Chunki jahl kelganida aql ketadi, ertaga aytganlaringizu qilganlaringizdan uyalib qolmang.

10. Nima eksang, shuni o`rasan!

Ovsiningiz sizga qanday munosabatda bo`lishini istasangiz, avvalo, o`zingiz ham unga nisbatan shunday bo`ling. Ovsinlar munosabatini oynadagi aksga mengzash mumkin. Zero, nimaiki qilsangiz, o`zingizga qaytadi. Bordi-yu, yaxshiliklaringiz o`rniga yomonlik qaytayotgandek tuyulsa, ovsiningizning yaxshi tomonlarini, sizga qilgan yordamlarini eslang. Agar ovsiningiz chindan ham yaxshilikni bilmaydigan nonko`r bo`lsa, kunda jiqillashavermay, qaynota-qaynonangiz, eringiz, umuman uyning kattalari bilan maslahatlashib, sizlarni bir-biringizdan uzoqroq tutishlarini so`rang (masalan, biringizni alohida uyga chiqarib yuborishlarini). Kunda janjallaringizdan bezor bo`lgan kattalarning o`zi ham shunday qarorga kelishlari mumkin. Unutmang, eng yaxshi ovsin – olisdagi ovsin. Ammo bo`lak chiqib ketaman, deb ataydan ovsiningiz bilan urishavermang. O`zingizning asablaringiz tamom bo`ladi, eringiz uydan bezadi, bolalaringiz jonsarak bo`lib qoladi...

Ovsinlar – taqdirdosh. Ular qanchalik inoq bo`lsa, aka-ukalar bir-biriga shunchalik yaqin bo`ladi, oiladagi o`zaro rishtalar mustahkamlanadi. Bunday uyg`un munosabatlar esa farzandlar tarbiyasiga ijobiy ta`sir etishi, shubhasiz. Xullas, ahillikda gap ko`p!

Shahina

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar