1

«Oyi, dada, urishmanglar!» yoxud ota-ona janjalining bolalarga ta`siri haqida

SUG'DIYONA 16.12.2016, 15:44
Teglar: Ona, Ota, Ota-ona, Oila, Ona va bola
«Oyi, dada, urishmanglar!» yoxud ota-ona janjalining bolalarga ta`siri haqida

«Go`shtsiz uy bo`lsa bordirki, urishsiz uy yo`q». Xalqimizning bu hikmati asossiz emas. Ammo oilaviy mojarolar ham turlicha bo`ladi: kimlardir darrov yarashib ketadi, boshqalar esa haftalab arazlashib, bir-birining nohaqligini isbotlash yo`lida hamma narsani, hatto farzandlarining shodligu xotirjamligini ham qurbon qilib yuboradi. Shundaylar haqida gaplashamiz.

OILAVIY MOJAROMI Yo MOJAROLI OILA?

Oilada barqarorlikni, osoyishtalikni yaratish va saqlab qolish oson ish emas. Ba`zilar kunda urishsa ham, uzoq yillar yonma-yon yashab yuraverishadi. Boshqalar esa tinchgina yashayotgandek tuyulsa-da, bir kun ajrashib ketishadi. Nega? Chunki oilada janjallar emas, balki undan keyin chiqariladigan xulosalar va bajariladigan amallar muhimroqdir. Agar tomonlar bir-birini sevsa, tushunsa va yo`qotib qo`yishdan qo`rqsa, munosabatlarni tezroq izga tushirib yuborishga harakat qiladi (xatolarni tushunish, uzr so`rash, murosa qilish).

Oilada ziddiyatlar yuzaga kelganda, eng ko`p jabr ko`radigan tomon – farzandlar. Ayni o`rinda uch xil holat kuzatiladi:

  1. Bola oilaviy janjallarning jimgina guvohi bo`ladi.
  2. Bola har ikki tomon alamini oladigan ob`ektga aylanadi.
  3. Kichkintoy kattalarning qo`lida muammoni echish uchun «ko`zir qarta» vazifasini bajaradi.

MISKIN GUVOH

Bolakay ma`lum yoshga etguncha ota-onasiga psixologik jihatdan bevosita bog`liq bo`ladi. Tinch oilada o`sgan bola ruhan xotirjam, o`ziga ishongan shaxsga aylanadi. Aks holda esa, mojarolar, janjallar undagi ruhiy xotirjamlikni izdan chiqaradi, aybdorlik, vahima, o`ziga ishonmaslik tuyg`ularining avj olishiga olib keladi. Natijada, kichkintoy janjal vaqti umuman o`zining borligini sezdirmasa-da, asosiy zarba unga tushadi.

ALAMDAN ChIQISh VOSITASI

Er-xotinning o`zaro alamlari, jahli, va hatto, dushmanligi ham bolaning boshiga yog`iladi. Otasining biron qilig`i yoki gapini eslatib yuborgan o`g`il ona tomonidan zug`umlarga duch kelishi yoki onasining aytganini qilgani uchun otaning qahriga uchrashi mumkin. Ota-ona farzandlarining xulq-atvorini real baholay olmay qolishadi. Arzimas xatoga qattiq jazo yoki ochiqdan-ochiq «zotingga tortmay…» deb boshlanuvchi mag`zavaday haqoratlar kutilmaganda kichkintoyning  ustidan ag`dariladi. Kattalar bolaga nisbatan serjahl, sabrsiz va toqatsiz bo`lib qoladilar. Bu esa shundoq ham o`zini baxtsiz sezayotgan go`dak uchun ortiqcha yuk, yanayam to`g`riroq aytganda, haqiqiy zulmdir. Natijada, bola o`ziga nisbatan ishonchini yo`qotadi, odamlardan qo`rqadigan, hayiqadigan va ularni yomon ko`radigan alamzada shaxsga aylanadi.

OQIBATINI KO`RING, ChORASINI HAM...

Ba`zida ota-ona bir-biridan noroziligini bola tarbiyalash jarayoniga bevosita ko`chiradi. Bola o`z xolicha xotirjam, o`z shaxsi va individualligi bilan murosada yashashi mumkin, lekin u ota-onasining bir-birini rad etuvchi talablarini bajarishga majbur. Ona: «Men quloqsiz bolalarni yomon ko`raman!», desa, ota: «Bo`lajak erkak o`z fikriga ega bo`lishi kerak, hadeb onasining aytganini qilavermay», deydi. Har ikki holatda ham boladan norozilik, uning shaxsini qabul qilmaslik ko`rinib turibdi, lekin «yaxshi bola» bo`lish uchun talablar tamoman bir-biriga zid. Bola ota-onasining o`ziga nisbatan muomalasiga o`zicha munosabat bildirishi (gap qaytarishi, yig`lashi, isyon qilishi) mumkin, ammo ota-onasi o`rtasidagi ziddiyatga umuman ta`sir o`tkazolmaydi. Natijada, murg`ak joni bilan doimo shu ziddiyatning markazida qolaveradi. Bu ssenariy keyinchalik uning o`z oilaviy hayotiga va atrofdagilar bilan munosabatlariga ko`chadi: u na shaxsiy hayotini, na-da karerasini yo`lga qo`ya olmaydigan noshud, janjalkash shaxsga aylanadi.

Ota-onalar! Janjallar o`tkinchi, ammo ulardan bolangiz ongida qoladigan iz bir umrlikdir!  Kimdir o`zi uchun, yana birov bolasini deb oilasini saqlab qoladi. Lekin shu saqlab qolingan oilada kichkintoyga xotirjamlik, shodlik, baxt bera olsangizgina siz keltirayotgan qurbonliklardan ma`ni bo`ladi. Shunday emasmi?!

Ruhshunos Shahnoza XALILOVA tavsiyalari asosida Shahnoza TO`RAXO`JAEVA tayyorladi.

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Buxoroda onadan 3 nafar farzandi uchun aliment puli undirildi

12.12.2019, 16:14

Aksariyat hollarda farzandlar ta`minoti uchun otalardan aliment undiriladi. Shundan farqli o`laroq bu ijro ishida aliment onadan undirildi.F.Ya. Buxoro shahrida tug`ilgan I.J. bilan turmush qurib, 3...
O`zbekistonda qancha oila faqat sha`riy nikoh asosida yashagani aniqlandi

14.11.2019, 18:36

 O`zbekistonda FHDYo organlari hokimliklar tasarrufiga o`tkazilgach, faqatgina sha`riy nikoh bilan yashab kelgan 20 ming 350tadan ortiq oila aniqlanib, ularning nikohi qonuniylashtirildi.Bu haqda 13 noyabr kuni oila...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1