AsosiySUG'DIYONA

Juftingizga bayramona syupriz tayyorlamoqchimisiz? Yo`l-yo`riqlarini o`rgatamiz!

Yana o`sha bayram – Yangi yil. Yana o`sha dasturxon (hatto salat ham o`sha-o`sha – olive!), yana o`sha oshxonada kuymalanib, ko`zlari yumilib-yumilib ketayotgan uy bekasi… Har yili 31 dekabr oqshomida kuzatilishi muqarrar bu manzarani ko`z oldingizga keltirishingiz bilan «Voy bechora erlar!» deyishdan o`zga chora qolmaydi. Axir nomi «Yangi» deya boshlangani bilan aslida allaqachon eskirib ketgan bayramu uning «mo``jizakor»likdan mosuvo muhitiga chidashga majbur erkaklarni bechora demaslik mumkinmi? Ammo hammasini o`zgartirish, aynan shu galgi ayyomni betakror qilish biz — ayollarning qo`limizda…

Bozor-o`char

Avvalo, erkaklarni bayramoldi haftasi tog`dek bosib tushadigan bozor-o`char g`amidan biroz ozod qilish mumkin. Hamma haridni bayramga bir necha kun, hatto soat qolganda amalga oshirish shart emas. Mayonez, ko`kno`xat, ichimliklar va konservalarni bir oy oldin xarid qilish, salatlaru noringa ishlatiladigan go`shtni o`n kunlar avval olib muzlatib yoki tuzlab qo`yish mumkin-ku.

Dasturxon

Taomnomani qayta ko`rib chiqishingiz shart. Norin o`rniga duxovkada go`sht dimlash (ham oson, ham mazali, ham kutilmagan), to`rtta odatiy salatni ikkita yangisiga almashtirish (g`oyani dugonalaringiz, internet yoki «Sug`diyona»dan olishingiz mumkin), somsa emas, go`shtli pirog tayyorlash mumkin. Mevali salat esa bemalol tort o`rniga o`tadi. Faqat stereotiplardan voz kechishga jur`at topolsangiz bas.

Sovg`a

Bunga batafsil to`xtalish kerak. Chunki hech bir bayram sovg`asiz o`tmaydi, ayniqsa, Yangi yil. Erkaklar sovg`a olishda biz — ayollar kabi injiqlik qilib o`tirmaydilar. Shunga qaramay, «Sovg`a emas, e`tibor muhim» degan aqidani unuting. Unisi ham, bunisi ham birdek ahamiyatli. Eringizga sovg`a qilib bo`lmaydigan narsalar ro`yxatini yodlab oling:

  1. Turli kichkina haykalchalar, yumshoq o`yinchoqlar, rasmlar, briloklar – xullas, har qanday «kichkina» narsalar.

  2. Rasm uchun romchalar, fotoalbomlar (agar eringizning o`zi shu haqda so`ramagan bo`lsa).

  3. Kundalik daftarlar, bloknotlar, ruchkalar – xullas, hamkasblarga sovg`a uchun beriladigan narsalar.

  4. Avtomobil uchun turli aksessuarlar (ayollar bu borada baribir to`g`ri tanlov qilolmaydilar).

Atir va boshqa pardoz vositalarini bu haqda umuman tasavvuri yo`q, nima sovg`a qilsalar shuni ishlatadigan erlarga (ya`ni 50 foiz erkaklarga) sovg`a qilish mumkin.

Sovg`a qilish mumkin…

1. Ekstremal sharoitda qo`l keladigan predmetlar. Masalan, toza po`latdan pichoqlar, yuz daraja issiqqa ham dosh beradigan o`t oldirgichlar (erkaklar bunday sovg`alarni do`stlariga maqtanib yuradilar).

2. Antikvar buyumlar. Do`kon, supermaket va bozorlarda odatdagi, hammada ham uchratish mumkin bo`lgan narsalar sotiladi. Antikvariat do`konlarda esa boshqa hech kimda uchramaydigan va eringizga sizdan boshqa hech kim sovg`a qilishi mumkin bo`lmagan narsalarni topasiz. Faqat eringiz bunday narsalarni tushunadigan va qadrlaydigan bo`lishi kerak.

3. Musiqa, kitob yoki kinofilm. Eringizning bu boradagi qiziqishlarini sizdan yaxshi biladigan odam bo`lmasa kerak. Faqat disklarni «qaroqchi nusxakash»lardan emas, lisenziyali do`konlardan xarid qiling. Axir, siz sovg`aga olyapsiz, sovg`a esa qalbaki bo`lishi mumkin emas.

4. Kiyimlar. Bunda o`lcham, rang, bichim va stilda xato qilmasligingizga shubha yo`q. Chunki eringizning didini yaxshi bilasiz. Faqat kerakli narsani taqdim eting. Qatorlashib turgan o`n oltita bo`yinbog` yoniga o`n ettinchisini olgandan ko`ra bir juft paypoq sovg`a qilgan yaxshi.

Sovg`ani sotib olgandan keyin bayramgacha sir saqlash yana bir muammo. Bordiyu sabringiz chidamay aytib qo`yish yoki muddatidan oldin chiqarib berishingiz ehtimoli kuchli bo`lsa, sovg`ani ikkita oling. Ikkinchisini bayram kuni berasiz, bunisi haqiqiy syurpriz bo`ladi.

O`zingiz…

Albatta, sovg`aning eng yaxshisi o`zingiz bo`lasiz. Har qanday erkak ham Yangi yilda yonida Yangi ayolni ko`rishni istaydi (ta`kidlayman, «boshqa» emas, Yangi ayolni). Demak, imijingizni o`zgartirish vaqti etdi. Soch turmagi va rangini o`zgartirish, libosni yangilashda me`yorni unutmang. Erkaklar uchun so`nggi urfdagi emas, aynan sizga yarashadigan libos yoqadi.

ShAHINA

Boshqa yangiliklar