O'zbekistonlik bokschi Shahram G'iyosov va angliyalik Jek Katterall o'rtasida Misrda bo'lib o'tgan WBA Regular kamari uchun jangdan keyin sportchilarning gonorarlari ma'lum bo'ldi. Bu haqda “SportySalary” nashri xabar berdi. Manbaga ko'ra, Shahram G'iyosov ushbu jang uchun taxminan 150 ming dollar miqdorida daromad olgan. Nashr bu summa bokschining Okampo, Urvanov va Parraga qarshi avvalgi janglaridagi gonorarlari asosida hisoblanganini qayd etgan. Jek Katterall esa mazkur jangdan ko'proq mablag' ishlagan. Uning gonorari taxminan 250 mingdan 300 ming dollargacha baholanmoqda. Ma'lumot uchun, WBA Regular kamari uchun jang 23 may kuni Misrda bo'lib o'tdi va 12 raund davom etdi. Unda Shahram G'iyosov ochkolar hisobiga ko'ra Jek Katterallga mag'lub bo'ldi. Bu mag'lubiyat G'iyosovning professional faoliyatidagi ilk yo'qotishi bo'ldi. U bunga qadar o'tkazgan 17 ta jangining barchasida g'alaba qozongan edi. Mazkur g'alaba ortidan Jek Katterall yarim o'rta vazn toifasida WBA Regular kamari sohibi bo'ldi.






