O'zbekistonda aholi va banklar o'rtasidagi valyuta ayirboshlash operatsiyalari sezilarli darajada oshdi. 2026 yilning birinchi yarmida fuqarolar banklarga sotgan xorijiy valyuta hajmi ulardan xarid qilganidan 5,5 mlrd dollarga ko'p bo'ldi.
Bu haqda Markaziy bankning jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalari bo'yicha sharhida ma'lum qilindi.
Yanvar–iyun oylarida banklar va aholi o'rtasidagi valyuta oldi-sotdi operatsiyalari aylanmasi 19,1 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 31 foiz yoki 4,5 mlrd dollarga ko'p.
Hisobot davrida banklar aholidan 12,3 mlrd dollarlik xorijiy valyuta sotib olgan. Bu 2025 yilning birinchi yarmiga nisbatan 35 foizga ko'p. Banklarning aholiga sotgan valyutasi esa 26 foizga oshib, 6,8 mlrd dollarga etgan.
Shu tariqa, banklarning aholidan sotib olgan valyutasi ularga sotganidan 5,5 mlrd dollarga ko'p bo'lgan. Bir yil avval bu farq 3,7 mlrd dollarni tashkil etgan.
Valyuta ayirboshlash operatsiyalarining 59 foizi, ya'ni 11,2 mlrd dollari ayirboshlash shoxobchalari orqali amalga oshirilgan. Onlayn xizmatlar orqali esa 7,5 mlrd dollarlik operatsiya bajarilib, bu umumiy aylanmaning 39 foizini tashkil etgan.
Shuningdek, valyuta bankomatlari orqali 404 mln dollarlik operatsiya amalga oshirilgan. Bu ko'rsatkich bir yilda 61 foizga oshgan.
Markaziy bankka ko'ra, aholining banklarga taklif qilayotgan xorijiy valyutasi hajmi ortib bormoqda. Jismoniy shaxslarning sof valyuta taklifi umumiy ayirboshlash aylanmasidagi ulushi bir yilda 26 foizdan 29 foizga oshgan.






