AsosiyJAMIYAT

Toshkentda psixofaol va kuchli ta'sir qiluvchi moddalar olib kirilishi fosh etildi.

Har ikki holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

'Toshkentda psixofaol va kuchli ta'sir qiluvchi moddalar olib kirilishi fosh etildi.'ning rasmi

Toshkent xalqaro aeroportida Bangkokdan olib kelingan yuklar orasidan qariyb 1 kilogram kannabis moyi va psixofaol modda saqlovchi qo‘ziqorinlar aniqlandi. Yana bir holatda esa 13 mingga yaqin sibutramin moddasi bo‘lgan kofe mahsulotlari musodara qilindi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida Toshkent xalqaro aeroportida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda “Bangkok – Toshkent” yo‘nalishida uchib kelgan fuqaroning yuklari rentgen apparati orqali tekshirilgan. Tekshiruv davomida yuklar orasidan shubhali oziq-ovqat mahsulotlari aniqlanib, ular ochib ko‘rilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro turli oziq-ovqat mahsulotlari niqobi ostida 978 gramm kannabis moyi hamda tarkibida psixofaol modda bo‘lgan, umumiy og‘irligi taxminan 500 grammni tashkil etuvchi qo‘ziqorinlarni olib kirgan. U mazkur mahsulotlarni kelgusida sotishni rejalashtirgani aniqlangan.

Yana bir holat Toshkent tumani hududida qayd etilgan. Bu yerda harakatlanayotgan “Damas” rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Tekshiruv davomida avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan Farg‘ona viloyatining Oltiariq va Uchko‘prik tumanlarida yashovchi, 1987 va 1989 yillarda tug‘ilgan ikki fuqaroning polietilen paketlarida tarkibida “Sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi bo‘lgan 12 ming 992 dona kofe mahsuloti borligi aniqlangan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular qo‘shni respublikadan olib kelingan mazkur mahsulotlarni Farg‘ona viloyatida sotishni rejalashtirgan.

Har ikki holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar