AsosiyJAMIYAT

Raqobat qo‘mitasi “Maktab bozorlari”da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi

Ma'lum qilinishicha, qo'mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta'minlash maqsadida monitoring ishlari olib boriladi.

'Raqobat qo‘mitasi “Maktab bozorlari”da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi'ning rasmi

Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududida tashkil etilgan “Maktab bozorlari”da darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslik so‘raldi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ayni paytda umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo komplekslarida mavsumiy “Maktab bozorlari” faoliyat yuritmoqda. Ularda ota-onalar va o‘quvchilar yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan o‘quv-yozuv qurollari, darsliklar, maktab formalari va boshqa anjomlarni xarid qilmoqda.

Raqobat qo‘mitasi savdo jarayonida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholi uchun sifatli va hamyonbop mahsulotlarning mavjudligini ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.

Tadbirkorlik subyektlariga esa “Maktab bozorlari”da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosli bo‘lishi, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish shartligi eslatildi.

“Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda belgilangan qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqiradi”, — deyiladi qo‘mita ogohlantiruvida.

Fuqarolar “Maktab bozorlari”da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 qisqa raqami orqali murojaat qilishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar