AsosiyJAMIYAT

Taksi haydovchisini kaltaklashda gumonlangan bloger qamoqqa olindi

Taksi haydovchisi esa voqea vaqtida unga nisbatan kuch ishlatilganini bildirgan.

'Taksi haydovchisini kaltaklashda gumonlangan bloger qamoqqa olindi'ning rasmi

Toshkentda taksi haydovchisini kaltaklashda gumonlanayotgan bloger qamoqqa olindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot-multimedia markazi boshlig‘i o‘rinbosari Qahramon Xudoyberganov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bloger Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Tergov boshqarmasi tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida qamoqqa olingan.

Gap 17-avgust kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sodir bo‘lgan mojaro haqida ketmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, 27 yoshli taksi haydovchisi Yoqubbek Jo‘raboyev va yo‘lovchi ayol o‘rtasida og‘zaki tortishuv yuzaga kelgan. Shundan so‘ng voqea joyiga yo‘lovchining ikki tanishi — instablogerlar yetib kelgan.

Ular haydovchi bilan janjallashib, unga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatgan. Blogerlar dastlab haydovchini ayolga nisbatan jinsiy tegajog‘lik qilganlikda ayblab, bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda videolar tarqatgan.

Biroq vaziyat boshqacha tus olgach, blogerlar videomurojaat orqali jamoatchilikdan o‘zlarini oqlashda yordam so‘ragan. Keyinchalik ularning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan mojaro bilan bog‘liq videolar olib tashlangan.

Taksi haydovchisi esa voqea vaqtida unga nisbatan kuch ishlatilganini bildirgan. U tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Shifokorlar unda peshona va ensa sohalarida shishlar, shuningdek, yelka, yonbosh, ko‘krak va qorin sohalarida shilingan jarohatlar borligini aniqlagan.

Holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Tergov boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov doirasida bloger qamoqqa olingan.

    Boshqa yangiliklar

    Taksi haydovchisini kaltaklashda gumonlangan bloger qamoqqa olindi - Darakchi.uz