AsosiyJAMIYAT

Imtihondan yiqilgan abiturientlarga “ikkinchi imkoniyat” beriladi

Belgilangan super-kontrakt mablag'ini to'lagan abiturient talabalikka tavsiya etilishi mumkin.

'Imtihondan yiqilgan abiturientlarga “ikkinchi imkoniyat” beriladi'ning rasmi

Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kira olmagan abiturientlar uchun vakant o‘rinlarga qayta tanlov o‘tkaziladi. Unda abiturientlarga kamida beshta ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati beriladi. Bu haqda Oliy ta’lim tashkilotlari departamenti boshlig‘i Abdusamat Mamanazarov 18 avgust kuni jurnalistlarga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, qayta tanlovda tegishli fanlardan imtihon topshirgan, yuqori ball to‘plagan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan abiturientlar ishtirok etishi mumkin. Tanlov oliy ta’lim tashkilotlarining qabul kvotalari doirasida qolgan bo‘sh o‘rinlar uchun o‘tkaziladi.

Qayta tanlovni kelasi haftada o‘tkazish rejalashtirilgan. Unda abiturientlarga kamida beshta ta’lim yo‘nalishini qayta tanlash imkoniyati beriladi.

“Bizda sodda qilib aytganda, “oltinchi yo‘nalish” degan tushuncha bor. Lekin u yerda ham biz kamida beshtagacha yo‘nalish tanlash imkoniyatini yaratamiz. Keyingi haftaga rejalashtirilgan”, — dedi Abdusamat Mamanazarov.

Shuningdek, o‘qishga kira olmagan abiturientlarda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt, ya’ni super-kontrakt asosida talaba bo‘lish imkoniyati ham mavjud.

O‘tgan yildan boshlab oliy ta’lim muassasalariga super-kontrakt miqdorini mustaqil belgilash vakolati berilgan. Kirish balliga 1 balldan 4 ballgacha yetmagan abiturientlar uchun super-kontrakt miqdori yetmagan ballga qarab belgilanadi.

Jumladan:

— 1 ball yetmagan bo‘lsa — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 1,5 baravari;

— 2 ball yetmagan bo‘lsa — 2 baravari;

— 3 ball yetmagan bo‘lsa — 2,5 baravari;

— 4 ball yetmagan bo‘lsa — 3 baravari miqdorida to‘lov amalga oshiriladi.

56,7 balldan yuqori ball to‘plagan, biroq kirish chegarasidan 4 ballgacha kam qolgan abiturientlar uchun super-kontrakt miqdorini oliy ta’lim muassasalarining o‘zi belgilaydi.

    Boshqa yangiliklar