Qirg‘iziston 2026 yilning yanvar-iyun oylarida 3 mln 284,1 ming dollarlik tirik hayvon eksport qildi. Ularning asosiy qismi O‘zbekistonga yetkazib berilgan. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida xabar berildi.
Olti oyda Qirg‘izistondan xorijga 14 ming 823 bosh yirik shoxli qoramol chiqarilgan. Ularning eksporti 2025 yilning shu davriga nisbatan jismoniy hajmda 32 foizga oshgan.
Shuningdek, 84,8 ming dollarlik 194 bosh ot eksport qilingan. Otlar eksporti jismoniy hajmda 27,6 foizga ko‘paygan.
Tirik uy parrandalarining xorijga chiqarilishi esa keskin kamaygan. Olti oyda 3,5 ming dollarlik 5 ming 600 ta parranda eksport qilingan. Bu 2025 yilning yanvar-iyun oylaridagi ko‘rsatkichning 24,1 foizini tashkil etgan.
Qo‘y va echkilar eksporti esa yilning birinchi yarmida amalga oshirilmagan.
Qirg‘izistondan tirik hayvonlarni import qiluvchi mamlakatlar orasida O‘zbekiston mutlaq yetakchi bo‘lgan. Mamlakat Qirg‘izistondan eksport qilingan chorva mollarining deyarli barchasini xarid qilgan.
Shu bilan birga, Qirg‘izistonning o‘zi ham tirik hayvonlar importini amalga oshirgan. 2026 yilning yanvar-iyun oylarida mamlakatga 4 mln 439,5 ming dollarlik tirik hayvon olib kirilgan.
Import tarkibida eng katta ulush tirik uy parrandalar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Olti oyda Qirg‘izistonga 1 mln 521,9 ming dollarlik 915 ming 169 ta parranda olib kirilgan. Bu ko‘rsatkich qiymat jihatidan o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 39,2 foizga oshgan.
Yirik shoxli qoramollar importi 1 mln 218,5 ming dollarlik 5 ming 285 boshni tashkil etgan. Jismoniy hajmda bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning 37,5 foiziga teng.
Shu davrda 1 mln 62,4 ming dollarlik 1 ming 123 bosh ot import qilingan. Otlar importi jismoniy hajmda 37,6 foizga kamaygan.
Tirik cho‘chqalar importi esa jismoniy hajmda 2,36 barobarga oshgan. Qirg‘izistonga 636,7 ming dollarlik 3 ming 464 bosh tirik cho‘chqa olib kirilgan.






