Ukraina Prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Irina Mudraning uyida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tintuv o‘tkazilmoqda. Bu haqda Ukraina Oliy Radasi deputati Aleksey Goncharenko ma’lum qildi.
19 avgust kuni Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi kurashish byurosi (NABU) va Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuratura (SAP) deputatlar, yuqori martabali amaldorlar va boshqa shaxslar ishtirokidagi jinoiy tashkilotni fosh etish bo‘yicha maxsus operatsiya o‘tkazayotganini ma’lum qildi.
NABU ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tashkilotga amaldagi va sobiq xalq deputatlari rahbarlik qilgan. Uning faoliyatida Ukraina Prezidenti ofisining yuqori martabali amaldorlari va boshqa shaxslar ham ishtirok etgan bo‘lishi mumkin. Ayni paytda huquq-tartibot idoralari ishning boshqa tafsilotlarini oshkor qilmagan.
Aleksey Goncharenko Irina Mudraning uyida ham tintuv o‘tkazilayotganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, Ukraina OAVlari mazkur maxsus operatsiya doirasida sobiq “Muxolifat platformasi — Hayot uchun” partiyasi deputati Vadim Stolar ham tilga olinayotganini yozmoqda. Stolarning o‘zi ham uyida NABU xodimlari tintuv o‘tkazayotganini tasdiqlagan.
Irina Mudra 2024 yil mart oyida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonidan Prezident ofisi rahbari o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi. Unga qadar Mudra Ukraina adliya vaziri o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.






