Toshkent hayvonot bog‘ida sher va jayralarga tosh otgan erkak 2 million 884 ming so‘m jarimaga tortildi. Bu haqda hayvonot bog‘i matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ichki ishlar organlari profilaktika inspektori qarori bilan qoidabuzarga 2 million 884 ming so‘m miqdorida jarima tayinlangan. Shuningdek, u qilmishi uchun uzr so‘ragan.
Hodisa 13 avgust kuni sodir bo‘lgan. Hayvonot bog‘iga tashrif buyurgan erkak sher va jayralarga tosh ota boshlagan. Jayralar volyeri ochiq bo‘lgani sababli tashlangan toshlar hayvonlarga tekkan.
Hayvonot bog‘i ma’muriyati ma’lum qilishicha, erkakning xatti-harakatini uning farzandi ham takrorlagan va hayvonlarga tosh otgan.
Eng achinarlisi, tashrif buyuruvchi tashlagan toshlar hayvonlarga tekkaniga ishonch hosil qilgach, qarsak chalib, qilgan ishidan mamnun bo‘lganini namoyish etgan.
Voqeadan so‘ng videokuzatuv kameralari orqali qoidabuzarni aniqlash ishlari olib borilgan. Natijada uning shaxsi aniqlanib, qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rilgan.






