AsosiyJAMIYAT

Eron telekanali efirida Trampni o‘ldirish uchun mukofot puli yig‘ishga chaqiriq yangradi

Eron davlat telekanallaridan birida AQSh Prezidenti Donald Trampni o‘ldirgan shaxsga beriladigan mukofot uchun pul yig‘ishga chaqiriq yangradi.

'Eron telekanali efirida Trampni o‘ldirish uchun mukofot puli yig‘ishga chaqiriq yangradi'ning rasmi

Eronning davlatga qarashli "Qoran TV" telekanali efirida AQSh Prezidenti Donald Trampni o‘ldirgan shaxsga beriladigan mukofot uchun pul yig‘ishga chaqiriq yangradi. Bu haqda "JFeed" nashri xabar berdi. Ma'lum qilinishicha, efir 15 avgust kuni namoyish etilgan.

Dastur boshlovchisi Maryam Qosimiy tomoshabinlardan Trampni o‘ldirgan shaxsga beriladigan mukofot uchun qancha mablag‘ ajratishga tayyor ekanini so‘ragan.

Qosimiy efir davomida Trampning o‘limi haqidagi istagini ham bildirgan va uni o‘ldirish "sharafi" o‘ziga nasib etishini umid qilgan. 

Boshlovchi tomoshabinlarni mukofot miqdorini oshirishga chaqirib, Trampning qotiliga qancha pul berishga tayyor ekanliklarini aytishni so‘ragan.

"Biz tomoshabinlarimizdan Trampning qotiliga qancha mukofot bergan bo‘lardingiz, deb so‘ramoqchimiz. Haqiqiy raqamlarni ayting. Menimcha, bu juda katta mukofot bo‘lishi kerak", — degan u.

Efirda ma'lum qilinishicha, shu vaqtgacha Trampni o‘ldirgan shaxsga beriladigan mukofot uchun 81 mln tuman, ya'ni 810 mln Eron riali yig‘ilgan. Keyinchalik o‘zini shifokor sifatida tanishtirgan fuqaro qo‘shimcha mablag‘ qo‘shib, umumiy summani 100 mln tumanga yetkazgan. Dastlab yig‘ilgan 810 mln rial taxminan 435 AQSh dollariga teng bo‘lgan.

Shuningdek, Qosimiy efirda Eron xalqining umumiy istagi Trampning o‘limi haqidagi xabarni e'lon qilish ekanini aytgan.

Qayd etish joiz, bu chaqiriq telekanal efirida yangragan bo‘lib, uni Eron hukumatining rasmiy qarori yoki davlat siyosati sifatida baholashga asos bo‘ladigan ma'lumotlar xabarda keltirilmagan.

    Boshqa yangiliklar