Moda olamidagi mashhur "Vogue" jurnali 2026 yilning eng po'rim itini aniqladi. "Dogue" tanlovida italiyalik greyhound zotiga mansub Ser Spad g'olib deb topildi. Bu haqda jurnal 18 avgust kuni xabar berdi.
Tanlov it egalari tomonidan yuborilgan minglab suratlar asosida o'tkazilgan. Hakamlar g'olibni uchta asosiy mezon — fotosurat kompozitsiyasi, suratda itning xarakteri qanday ochib berilgani hamda "dogueness", ya'ni moda ruhiga moslik asosida tanlagan.
Yakunda 2026 yilgi "Dogue" tanlovining bosh sovrini Ser Spad laqabli itga nasib etdi. Hakamlar uning bosiqligi va sinchkov qarashiga alohida baho bergan.
"Vogue" ma'lumotiga ko'ra, tanlovning finaliga 25 ta surat saralab olingan. Hakamlar har bir ishni muhokama qilgach, Ser Spad g'olib deb topilgan.
G'olibni aniqlashda fotokompozitsiya 50 foiz, itning xarakteri 25 foiz va "dogueness" — moda ruhiga moslik 25 foiz ulushda baholangan.
"Vogue"ning qayd etishicha, Ser Spad dastlab o'zining og'ir-bosiq holati bilan hakamlar e'tiborini tortgan. Keyin esa uning dono va sinchkov qarashi g'oliblikni ta'minlagan.
Tanlov g'olibi endi "Vogue"ning uy hayvonlariga bag'ishlangan "Dogue" raqamli jurnali muqovasida paydo bo'ladi.
Avvalroq xalqaro hakamlar hay'ati dunyodagi eng go'zal so'zni aniqlagani haqida xabar berilgan edi. G'olib sifatida Yangi Zelandiya tub aholisi — maori xalqi tilidagi "kaitiakitanga" so'zi tanlangan. U tabiat va atrof-muhitni asrash, unga g'amxo'rlik qilish ma'nolarini anglatadi.






