AsosiyDUNYO

Isroil 5 yoshli Hind Rajabni o‘z harbiylari o‘ldirganini tan oldi

Isroil harbiy politsiyasi 2025-yil mart oyida G‘azoning janubida 14 nafar falastinlik tibbiyot xodimi va qutqaruvchining o‘ldirilishi bilan bog‘liq ishni ham tergov qiladi.

'Isroil 5 yoshli Hind Rajabni o‘z harbiylari o‘ldirganini tan oldi'ning rasmi

Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur ikki ish harbiylar xatti-harakatlarini o‘rganuvchi maxsus komissiya tomonidan uzoq vaqt davomida tekshirilganidan so‘ng jinoiy tergovga o‘tkazilgan.

Hind Rajab qanday o‘ldirilgan?

Hind Rajab 2024-yil yanvar oyida G‘azo shahrida oila a’zolari bilan avtomobilda harakatlanayotgan vaqtida otishmaga duch kelgan. Uning olti nafar qarindoshi halok bo‘lgan, Hind esa tirik qolgan.

Qizaloq telefon orqali falastinlik qutqaruvchilar bilan bog‘lanib, yordam so‘ragan. Uning iltimosidan so‘ng voqea joyiga tez yordam avtomobili yuborilgan.

Biroq qutqaruvchilar Hindga yetib borishi kerak bo‘lgan paytda ular bilan aloqa uzilgan. 12 kun o‘tib, hududdan Hind Rajab, uning halok bo‘lgan qarindoshlari hamda ikki nafar tez yordam xodimining jasadlari topilgan.

Isroil armiyasi avvalroq hodisa sodir bo‘lgan hududda uning harbiylari bo‘lmaganini bildirgan edi. Biroq 19-avgust kuni o‘tkazilgan tekshiruvlardan so‘ng armiya Hind va uning oila a’zolari bo‘lgan avtomobil qo‘shinlarga yaqinlashgani va unga qarata o‘q uzilganini tan oldi.

Jinoiy tergovga o‘tkazilgan ikkinchi ish 2025-yil mart oyida G‘azoning janubida 14 nafar falastinlik shifokor va qutqaruvchining o‘ldirilishi bilan bog‘liq.

Ma’lum qilinishicha, Isroil harbiylari ushbu tibbiyot xodimlarini o‘ldirganidan keyin hududdan avtomobilda o‘tib ketayotgan BMT xodimining ham halok bo‘lishiga olib kelgan otishma sodir etgan.

Shu bilan birga, Isroil armiyasi gumanitar xodimlar o‘limi bilan bog‘liq yana bir qator holatlar bo‘yicha jinoiy tergov boshlashdan bosh tortgan.

Jumladan, 2024-yil aprel oyida “World Central Kitchen” tashkilotining G‘azoda gumanitar yordam yetkazib berayotgan 7 nafar xodimi Isroil zarbasi oqibatida halok bo‘lgan. Isroil armiyasi ushbu holat bo‘yicha jinoiy tergov boshlash uchun asos yo‘qligini bildirgan.

“World Central Kitchen” esa armiya hisobotini va ishni yopish qarorini rad etib, mustaqil tergov o‘tkazilishini talab qilgan.

Bundan tashqari, 2024-yil fevral oyida “Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti faoliyat yuritgan binoga qilingan hujum hamda 2023-yil noyabr oyida G‘azo shahrida tibbiyot tashkiloti xodimlari o‘ldirilgani bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha ham jinoiy ishlar ochilmagan.

Isroil armiyasining ma’lum qilishicha, urush davrida harbiylar harakatlarini o‘rganuvchi maxsus komissiya qariyb 150 ta hodisani ko‘rib chiqqan. Komissiya o‘zini harbiylarning odatiy buyruq zanjiridan mustaqil ravishda ishlaydigan mutaxassislardan iborat organ sifatida ta’riflagan.

Huquq himoya tashkilotlari esa Isroil harbiylari tomonidan o‘tkaziladigan bunday tekshiruvlar kamdan kam hollarda jinoiy ayblov va sud hukmi bilan yakunlanishini ta’kidlamoqda.

    Boshqa yangiliklar