O‘zbekistonda naqd pulsiz to‘lovlar infratuzilmasi kengayib bormoqda. Joriy yil 1 avgust holatiga ko‘ra, muomaladagi bank kartalari soni 75,7 million donaga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshida, ya’ni 1 yanvar holatiga bank kartalari soni 68,3 million dona bo‘lgan. Shu tariqa, etti oy davomida muomaladagi kartalar soni 7,4 million donaga yoki 10,9 foizga oshgan.
To‘lov terminallari soni ham ko‘paygan. Yil boshida 430,8 mingta bo‘lgan terminallar soni 1 avgustga kelib 453,5 mingtaga etgan. Ya’ni, shu davrda 22,7 mingta yangi terminal ishga tushirilgan.
Bankmat va infokiosklar soni esa 40,1 mingtadan 47 mingtaga etgan. Bu ko‘rsatkich 17,3 foizga o‘sgan.
Naqd pulsiz to‘lovlar hajmida ham sezilarli o‘sish kuzatilgan. Joriy yilning yanvar-iyul oylarida to‘lov terminallari orqali 387,4 trillion so‘mlik tushum qayd etilgan. Taqqoslash uchun, 2025 yilning to‘liq 12 oyida bu ko‘rsatkich 460,3 trillion so‘mni tashkil etgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bank kartalari soni 10,9 foizga oshgan bir paytda terminallar orqali tushumlar ham jadal ko‘paygan. Natijada bitta bank kartasiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik tushum 562 ming so‘mdan 731 ming so‘mgacha oshgan.






