O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida "Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar" xalqaro mediaforum doirasida 26 avgust kuni noyob Qur'on nusxasini yaratish bo'yicha Jahon xattotlari tanlovi e'lon qilinadi.
"Dunyo Qur'oni: xattotlik an'analaridan — kelajak merosi sari" deb nomlangan loyiha doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablariga xos islomiy xattotlik an'analarining eng sara namunalarini birlashtirgan noyob Qur'on nusxasini yaratish rejalashtirilgan.
Tanlov mediaforumning "Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma'naviy mazmunlari" mavzusidagi yalpi sessiyasida tantanali ravishda e'lon qilinadi.
Mediaforum doirasida Qur'on va qo'lyozma merosiga bag'ishlangan xalqaro loyihalar ham taqdim etiladi. Jumladan, islom olami xattotligining sara namunalari, "Katta Langar Qur'oni" hamda qadimiy qo'lyozmalarni sun'iy intellekt yordamida o'rganishga qaratilgan loyihalar namoyish etiladi.
Xalqaro mediaforum 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o'tkaziladi. Unda 50 ga yaqin mamlakatdan 300 nafarga yaqin media va ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.






