AQSh Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati mamlakatda boshpana so‘ragan yoki boshpana olish uchun ariza bergan xorijliklarning noimmigratsion vizalarini bekor qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda AQSh Davlat departamenti ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Davlat departamenti va AQSh Milliy xavfsizlik departamenti mamlakatga qisqa muddatli mehmon sifatida kirib, keyinchalik boshpana so‘ragan xorijliklarni aniqlash va ularning vizalarini bekor qilish bo‘yicha ish olib bormoqda.
Departament hozircha qancha viza bekor qilinishi mumkinligiga aniqlik kiritmagan. Biroq Associated Press xabarlariga ko‘ra, ushbu chora 200 minggacha xorijlikka ta’sir qilishi mumkin. Agar bu raqam tasdiqlansa, bu AQSh tarixida bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladigan eng yirik viza bekor qilish jarayoni bo‘ladi.
Gap asosan 2016–2026 yillarda berilgan B1 va B2 turdagi vizalar haqida ketmoqda. B1 vizasi xizmat safari, B2 vizasi esa turizm va vaqtinchalik tashriflar uchun beriladi.
Viza bekor qilinishi shaxsning darhol deportatsiya qilinishini anglatmaydi. Boshpana so‘rash bo‘yicha ishi ko‘rib chiqilayotgan shaxslar AQShdagi huquqiy maqomini saqlab qolishi mumkin, biroq ularning xizmat safari yoki turistik maqsadda berilgan vizalari bekor qilinadi.
AQSh Davlat departamenti shu oy boshida Tramp ma’muriyati hokimiyatga kelganidan buyon 175 mingdan ortiq vizani bekor qilganini ma’lum qilgan.
Tramp ma’muriyati immigratsiyaga qarshi choralarni kuchaytirib, vizalar va doimiy yashash huquqini beruvchi «green-card»larni bekor qilish, shuningdek, deportatsiyalarni ko‘paytirish siyosatini olib bormoqda.
Ma’muriyat mazkur choralarni mamlakat milliy xavfsizligini ta’minlash zarurati bilan izohlamoqda. Huquq himoya tashkilotlari esa Tramp ma’muriyatining immigratsiya siyosati qonuniy jarayon va fuqarolik erkinliklariga daxl qilishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.






