AsosiyJAMIYAT

Sariosiyo—Termiz yo‘nalishidagi poyezddagi holat yuzasidan o‘rganish boshlandi.

Qayd etilishicha, dam olish va bayram kunlarida yo‘lovchilar oqimining keskin ortishi sababli ayrim qatnovlarda gavjumlik kuzatilishi mumkin.

'Sariosiyo—Termiz yo‘nalishidagi poyezddagi holat yuzasidan o‘rganish boshlandi.'ning rasmi

Sariosiyo—Termiz yo‘nalishida harakatlanuvchi poyezdda yo‘lovchilar vagon yo‘laklarida to‘planib qolgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Holat yuzasidan mas’ul mutaxassislar tomonidan o‘rganish ishlari boshlangan. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tarqalgan videoda vagonda yo‘lovchilar juda ko‘pligi, sovitish tizimi ishlamayotgani aytilgan. Shuningdek, poyezdda keksa yoshdagi insonlar, yosh bolalar va chaqaloqli ayollar ham borligi qayd etilgan.

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ ma’lumotiga ko‘ra, Sariosiyo—Termiz yo‘nalishida qatnovni amalga oshirayotgan shaharlararo poyezd 4 ta yo‘lovchi vagonidan iborat. Ushbu poyezdda chiptalar o‘rindiq raqami ko‘rsatilmagan holda, ya’ni joysiz sotiladi.

Yo‘lovchilar amaldagi chipta asosida poyezdga chiqadi va bo‘sh o‘rinlarga joylashadi. Har bir vagon 81 nafar yo‘lovchini o‘tirgan holda tashishga mo‘ljallangan. 

Qayd etilishicha, dam olish va bayram kunlarida yo‘lovchilar oqimining keskin ortishi sababli ayrim qatnovlarda gavjumlik kuzatilishi mumkin.

“Poyezd vagonlari yo‘lovchilar uchun zarur qulayliklar bilan ta’minlangan. Jumladan, yoz mavsumida sovitish, qish mavsumida esa isitish tizimlarining uzluksiz ishlashi ta’minlanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holat yuzasidan mas’ul mutaxassislar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Yo‘lovchilarga yanada qulay, xavfsiz va sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida zarur choralar ko‘riladi”, — deyiladi rasmiy munosabatda.

Matbuot xizmati fuqarolarni tasdiqlanmagan yoki bir tomonlama talqin qilingan ma’lumotlarga emas, balki rasmiy axborot manbalariga tayanishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, bundan bir necha kun avval Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov viloyatdagi transport tizimi, xususan, poyezdlar va vagonlardagi sharoitlarni tanqid qilgan edi.

“Temiryo‘lda umuman sharoit yo‘q. Vagonga mingan odam Toshkentga borguncha kasal bo‘lib qolyapti. Na sovitish tizimi ishlaydi, na sharoit bor. Na bilet bor, na vokzalda sharoit bor. Sariosiyoga qatnaydigan Termizdan shahar atrofi poyezdlariga odam tashib bo‘lmaydi uning ichida”, — degan edi viloyat rahbari.

Hokim shuningdek, transport prokuraturasi va mas’ul idoralarning vaziyatga e’tiborsizligini tanqid qilib, transport prokurorini holatga tomoshabin bo‘lib turmaslikka chaqirgan.

    Boshqa yangiliklar

    Sariosiyo—Termiz yo‘nalishidagi poyezddagi holat yuzasidan o‘rganish boshlandi. - Darakchi.uz