AsosiyDUNYO

Ukraina Rossiyaning yirik neftni qayta ishlash zavodiga dronlar bilan hujum qildi — ikki kishi halok bo‘ldi

25 avgustga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidagi Severskiy tumaniga hujum qildi.

'Ukraina Rossiyaning yirik neftni qayta ishlash zavodiga dronlar bilan hujum qildi — ikki kishi halok bo‘ldi'ning rasmi

Hujum oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishi jarohatlangan. Bu haqda RBK xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, dron qoldiqlari Afipskaya temiryo‘l stansiyasi hududiga tushgan. Oqibatda ikki kishi halok bo‘lgan, jarohatlangan yana ikki kishi shifoxonaga yetkazilgan.

Shuningdek, Afipskiy posyolkasida kamida 10 ta xususiy uy zararlangan. Ularning birida yong‘in chiqqan.

Hujumdan so‘ng Afipskiy neftni qayta ishlash zavodi hududida ham yong‘in yuzaga kelgan. Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratyev voqea joyida yong‘in o‘chiruvchilar va tezkor xizmatlar ishlayotganini ma’lum qilgan.

Hodisa sababli Afipskaya temiryo‘l stansiyasi ishi vaqtincha to‘xtatilgan. Bu erda poyezdlar harakatida kechikishlar kuzatilgan.

25 avgustga o‘tar kechasi Krasnodar o‘lkasida dron va raketa xavfi e’lon qilingan. Dron xavfi ikki soatdan ortiq, raketa xavfi esa qariyb 30 daqiqa davom etgan.

Afipskiy neftni qayta ishlash zavodi Rossiya janubidagi yirik neftni qayta ishlash korxonalaridan biri hisoblanadi. Korxonaning yillik neftni qayta ishlash quvvati 6,25 million tonnani tashkil etadi.

Zavodda benzin, dizel yoqilg‘isi, mazut va boshqa neft mahsulotlari ishlab chiqariladi. Zavod bundan avval ham dronlar hujumiga uchragan. Hozircha hujum oqibatida korxonaga yetkazilgan zarar miqdori haqida aniq ma’lumot berilmagan.

    Boshqa yangiliklar