Toshkent shahrida shahar va tuman hokimliklari, shahar boshqarmalari hamda ularga qarashli bo‘linmalarda ish vaqtini soat 8:00 dan 17:00 gacha belgilash taklif qilinmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ma’lum qildi.
Ayni paytda mazkur taklif yuzasidan jamoatchilik so‘rovnomasi o‘tkazilmoqda.
Taklifga ko‘ra, ish kunining umumiy davomiyligi o‘zgarmaydi. Faqat xodimlar amaldagi ish vaqtiga nisbatan bir soat ertaroq ish boshlab, bir soat ertaroq ishni yakunlaydi.
Hokimlikka ko‘ra, yangi ish grafigi shahar aholisi va davlat xizmatlarining ish vaqtini o‘zaro uyg‘unlashtirish, bir nechta idora ishtirokini talab qiladigan masalalarni tezkor muvofiqlashtirish hamda ertalabki tig‘iz vaqtda avtomobil yo‘llariga tushadigan yuklamani kamaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tahlilida ham ish boshlanish vaqtlarini muvofiqlashtirish transport oqimlarini bir maromda taqsimlashga yordam berishi qayd etilgan.
Agar yangi grafik joriy etilsa, xodimlarning tushlik vaqti ham shunga mos ravishda o‘zgartiriladi.
Yakuniy qaror jamoatchilik fikri o‘rganilganidan so‘ng qabul qilinadi. Taklif aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan taqdirda, u belgilangan tartibda kasaba uyushmalari tashkilotlari bilan kelishish uchun kiritiladi.
So‘rovnoma natijalari 28 avgust kuni sarhisob qilinadi.






