Saida Mirziyoyeva o‘z sahifasida yozishicha, Ozarbayjon Prezidenti boshchiligidagi oliy martabali mehmonlar va ularning oila a’zolari O‘zbekistonda katta ehtirom bilan kutib olingan.
“Mamlakatlarimiz o‘ziga xos birodarlik rishtalari bilan bog‘langan. Bu iliqlik nafaqat rasmiy aloqalarda, balki xalqlarimizning bir-biriga cheksiz mehr-oqibatida doim sezilib turadi”, — deb yozdi u.
Uning ta’kidlashicha, ikki mamlakat tarixi, madaniyati va an’analaridagi mushtaraklik bugun infratuzilmadan tortib investitsiyalargacha bo‘lgan ko‘plab sohalardagi qo‘shma loyihalarda ham o‘z aksini topmoqda.
Saida Mirziyoyeva mazkur tashrif O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalar tarixida yana bir muhim sahifani ochganini qayd etdi.
23 avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan “Abadiy do‘stlik to‘g‘risida”gi shartnoma imzolangan edi.
“Nazarimda, ushbu hujjatning nomiyoq bugun O‘zbekiston hamda Ozarbayjonni bog‘lab turgan rishtalarning tub mohiyatini aniq ifodalaydi”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Prezident Administratsiyasi rahbari ozarbayjonlik do‘stlarni O‘zbekistonda yana ko‘rishdan xursand ekanini bildirib, ularga “hamisha bag‘rini ochib kutib oladigan” yurtga xush kelibsiz, deb murojaat qildi.






