Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida novvoyxona tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, undan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlandi. Holat natijasida qariyb 500 million so‘mlik tabiiy gaz qayta hisob-kitob qilindi. Bu haqda “Hududgazta’minot” AJ xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali komplaens nazorat tuzilmalari, shahar gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida Qo‘qon shahrida nazorat tadbiri o‘tkazgan.
Tekshiruvda shaharning “Ziyolilar” mahallasida joylashgan novvoyxona loyiha-texnik hujjatlarsiz tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangani va gazdan foydalanib kelayotgani ma’lum bo‘lgan.
Holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, 496 million so‘mlik tabiiy gaz hajmi qayta hisob-kitob qilingan.
To‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.






