Kimdir maoshdan maoshgacha qarz-qavol bilan etib oladi. Kimningdir topganida esa baraka bor! Hamma gap qanday harakat qilishda, dersiz. Albatta! Ammo peshana teri to`kib topilgan mablag`ni qanday sarflashda ham gap ko`p. Xo`sh, siz bu borada qanchalik uddaburonsiz. Kichik testimiz orqali buni bilib olishingiz mumkin.
1. Har doim do`konga otlana turib...
A. Nima xarid qilishim va qancha sarflashimni aniq rejalashtirib olaman.
B. Nimalarga zaruratim borligi taxminan aniqlab, hamyonimning ahvoli shunga yarashami-yo`qmi hisoblayman.
V. Baribir istaklarimga taslim bo`lishimni bilib, hech narsani kitob-qilmasdan otlanaman.
2. Do`konga kirgach...
A. Rejalashtirgan narsa-buyumlarim sotiladigan rasta tomon yuraman.
B. Nimadir qiziqarli narsaga duch kelarmikanman deb do`kon aylanaman.
V. Bir quchoq kiyim-kechaklarni olib, kiyib ko`raman.
3. Liboslarni kiyib ko`rgach, ularni nima uchun xarid qilishingiz mumkin?
A. Arzonga tushgani sabab.
B. Yarashgani uchun.
V. Didimga mos kelgani uchun.
4. Sizning hamyoningizning shiori...
A. Qora kunga atagani bo`lishi shart.
B. Pul pulni chaqirgani sabab, bir-ikki so`m tursa, kifoya.
V. Pul — qo`lning kiri.
5. Pul sizni boshqaradimi yo siz pulni?
A. Albatta men! Nimaga qancha sarflash kerak, doim bilaman!
B. Shu ham savolmi?
V. Pul, bu — katta zarurat. Men usiz ko`chaga bir qadam ham tashlamayman.
6. Havasingiz kelgan buyumga qo`lingiz yupqalik qilayapti, siz...
A. Imkoniyatlarimni doim to`g`ri baholab, keyin nimagadir qo`l uzataman.
B. Juda xafa bo`laman, ammo nailoj?
V. Albatta, kimdandir qarz so`rab turaman.
7. Savdo shoxobchasida sotuvchi bilan uzoq bahslashasizmi?
A. Ha, hech qachon aytilgan narxga xaridni amalga oshirmayman.
B. Har doim ham emas, o`zimga yoqqan narsani indamasdan sotib olaman.
V. Yo`q, savdolashish menga emas.
Natija
Agar siz javoblardan «A» variantlarni tanlasangiz, demak, pulni o`ylab ishlatadigan, ta`bir joiz bo`lsa, biroz ziqnaroqsiz ham. Rejalashtirganingizdan bir so`m ham ortiqcha sarflamaslik sizga xos xususiyat. Doim yoningizda ortiqcha pul topiladi. Huda-behudaga uni havoga sovurishdan ehtiyot bo`lasiz. Bu borada biroz o`zingizga erk bersangiz, osmon uzilib erga tushmaydi. Ya`ni istaklaringizni ziqnalik bilan bo`g`ib qo`ymang. Kezi kelganda, ziqna, kezi kelganda qo`li ochiq bo`lishni o`rganing.
Agar savollarning aksariyatiga «B» javobi shaklida munosabat bildirgan bo`lsangiz, siz uchun pul ham, uni sarflash ham muammo emas. Ya`ni avvalo ko`ngilga, keyin aqlga, undan so`ng hamyonga quloq tutadiganlar toifasidansiz. Faqat doim ham bunday yo`l tutish yaramaydi. Katta xaridlar uchun bozorga borganda mayda-chuydalarga aldanib qolishingiz ham ehtimoldan xoli emas. Asosiy maqsaddan chalg`imaslik uchun mablag`ingizga jiddiyroq munosabat bildiring.
«V» shaklidagi javoblar ko`rsatkich yuqori bo`lsa, tabiiyki, isrofgarsiz. Siz uchun pul sarflash pufaklarni shamolga uchirishdek gap. Shuning uchun ham oylikdan oylikcha bir amallab etib olasiz. Kimdandir qarz so`rab turishga ham tortinmaysiz. Bu odatlaringizni tark etmas ekansiz, biringiz ikki bo`lishi qiyin. Topganingizni bo`lar-bo`lmas narsalar uchun sarflamasdan, reja asosida ishlatishni o`rganing. Bo`lmasa, tog`dek zaxirangiz ham nurab ketadi. Yaxshisi, xarajatlaringizni qayd etib boradigan daftarcha tuting-da, bir oylik oldi-berdingizni yozib boring.