Respublika OAV vakillari va 30 ga yaqin davlat organlari axborot xizmatlari rahbarlari ochiq muloqot uchun to`plandi. Bu haqda “Daryo” xabar bermoqda.
Uchrashuvning bosh mavzusi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Xitoyga tashrifi bo`ldi. Davlat rahbarining matbuot kotibi Asadbek Xo`jaevga ko`ra, tashrif davomida jami 20 milliard dollar miqdoridagi 100 ga yaqin shartnoma imzolanishi mo`ljallangan.
14—15 may kunlari Pekinda o`tkaziladigan «Bir qutb, bir yo`l» xalqaro forumiga 40 dan ortiq davlat rahbari kelishi kutilmoqda, tadbirlarda O`zbekiston ham faol ishtirok etadi. Anjuman doirasida O`zbekiston etakchisining boshqa mamlakatlar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlari ham rejalashtirilgan.
Mamlakat OAVlaridagi islohotlar haqidagi savolga javoban yangilanishlarning joriy bosqichida iqtisodiy va siyosiy masalalar etakchilik qilayotgan bo`lsa-da, davlat rahbari mahalliy OAV modernizasiyasiga ham alohida e`tibor qaratayotgani ta`kidlandi.
Jumladan, televidenie va radioni isloh qilish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda, «O`zbekiston 24» maxsus yangiliklar kanali ochilmoqda. Shuningdek, yangiliklar va tahliliy materiallarni turli rakurslarda taqdim etish maqsadida rasmiy tadbirlarni yoritadigan jurnalistlar guruhini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Uning tarkibiga nodavlat OAV, internet-nashrlar vakillari ham kiritiladi.
Muloqotda jurnalistlar va davlat organlari axborot xizmatlarining o`zaro aloqalariga tegishli dolzarb masalalar ham ko`tarildi. Xususan, ma`lumotlar olish uchun tahririyatlardan rasmiy xat talab qilinishi bugungi kun maromiga to`g`ri kelmasligi, materiallar tayyorlash jarayonini keyinga surayotgani bildirildi.
Jurnalistlar va davlat organlari axborot xizmatlari vakillarining muloqot shaklidagi bunday uchrashuvi o`ta ahamiyatli ekanligi ta`kidlandi. Bunday tadbirlarni ikki haftada bir marotaba o`tkazish haqida kelishib olindi.