AsosiyJamiyat

Xitoy matbuoti O`zbekiston Prezidentining tashrifini keng yoritmoqda

'Xitoy matbuoti O`zbekiston Prezidentining tashrifini keng yoritmoqda'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi Xitoy ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.

Xitoyning etakchi «Sinxua» axborot agentligi O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Xitoy Raisi Si Szinpinning 12 may kuni bo`lib o`tgan uchrashuvi haqida batafsil axborot tarqatdi. Jurnalistlar ushbu uchrashuv natijalari O`zbekiston va Xitoy xalqlarining tub manfaatlari va zamon talablari hamda uzoq muddatli hamkorlikka sodiqligidan dalolat ekanini ta`kidlagan, deb yozadi O`zA.

CGTN telekanali oliy darajadagi muloqotlar izchilligi o`zaro munosabatlarning yanada barqaror rivojlanishini ta`minlashi barobarida barcha darajadagi aloqalar jadallashuviga xizmat qilayotganiga e`tibor qaratgan. Axborotda ikki davlatning uzoq o`tmishga borib taqaladigan aloqalari bugungi kunda o`zaro ishonch va do`stlik ruhida rivojlanib borayotgani qayd etilgan.

«China daily» gazetasida «O`zbekiston bilan aloqalar o`z samarasini bermoqda» sarlavhali maqola e`lon qilingan. Unda O`zbekiston va Xitoy xalqlari azaldan o`zaro savdo-sotiq qilgani, bir-birining madaniyatini boyitgani qayd etilgan. Bugungi kunda davlatlararo munosabatlar keng ko`lamli strategik sheriklik darajasiga ko`tarilgan, hamkorlik siyosat, iqtisodiyot, savdo, sanoat, qurilish, ilm-fan, ta`lim, madaniyat va boshqa sohalarni qamrab olgan, deyiladi.

Maqolada davlatlarimiz o`rtasida istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani, xususan, Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo`li va Qamchiq tunneli qurilishi ko`p qirrali hamkorlikning yaqqol misoli ekani ta`kidlangan. Muallif ushbu strategik ob`ektlar nafaqat O`zbekiston, balki butun mintaqa, jumladan, Xitoy uchun ham g`oyat ahamiyatli ekanini qayd etgan.

«Sinszin bao» gazetasida O`zbekiston – Xitoy o`rtasidagi munosabatlar turli yo`nalishlarda muvaffaqiyat bilan rivojlanayotgani ta`kidlangan. Gazeta O`zbekistonning sarmoyaviy hamkorlari ro`yxatida Xitoy etakchi o`rinlardan birini egallashi va O`zbekiston iqtisodiyotiga kiritilayotgan XXR kapital qo`yilmalarining hajmi barqaror ravishda o`sib borayotgani haqida ma`lumotlar keltirgan.

Xitoy matbuoti ta`kidlaganidek, O`zbekiston va Xitoy o`rtasidagi o`zaro savdo-sotiq hajmi yuqori darajani tashkil etmoqda. O`zbekistonda faoliyat ko`rsatayotgan Xitoy kompaniyalari safi kengayib borayotgani XXR ishbilarmonlari O`zbekiston bilan hamkorlikka katta qiziqish bilan qarayotganini tasdiqlaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar