Qattiqqo`llik yomon emas, ammo o`smirlar turli xil qoida va cheklovlarga qarshilik ko`rsatishadi, shuni ham inobatga oling va har bir vaziyatni imkon qadar mehr va sabot bilan tushuntiring.
Biror narsaga izoh bermay, taqiqlavermang. Avval nima uchun? – degan savolga javob berishingiz kerak. Aks holda, farzandingizning do`sti siz emas, balki ko`chadagi oshna-og`aynilari bo`lib qoladi. Maslahatni kanda qilmay, hayot yo`lini ham ana o`shalar ko`rsatib turishadi. Aytib turgan yo`llari antiqa kompyuter o`yinlari bo`lsa mayliku-ya, muhimi tamaki yoki ichimliklar bo`lmasin.
Shuning uchun keraksiz do`stlar o`rniga o`zingiz do`st bo`lib, zararli odatlar o`rnini foydalilari bilan almashtiring. Shu bilan bir katorda, bolada bo`sh vaqt qolmasligiga xarakat kiling. Biror sevimli mashg`uloti yoki sport bilan band bo`lsin. Sport gormonal o`zgarish paytida bola organizmiga ijobiy ta`sir etadi.
O`zaro hurmat-chi?..
Agarda o`smir farzandingiz vaqtingizga hurmat bilan qarashini istasangiz, avval o`zingiz uning vaqtini qadrlang. Yana gap-so`zlaringizni hurmat qilishini istasangiz, avval o`zingiz uning har so`ziga hurmat bilan qarang. Uning istaklari, orzu-umidlari, fikrini xamisha qadrlang. O`zaro hurmat o`smir farzandni ota-onasiga yanada yaqinlashtiradi.
O`smir farzandingiz fikrlari va maslahatlariga bee`tibor bo`lmang. Har bir o`smir mustaqil qaror qabul kilishga o`zini etarlicha oqil va dono, deb hisoblaydi. To`g`ri yo`lga solish esa, sizning ota-onalik iqtidoringizga bog`liq. Masalan, xonadoningizga biror o`zgartirishlar kiritmoqchisiz, bu borada farzandingiz fikrini so`rang va, albatta, inobatga oling. Shunda farzandingiz, uning fikriyu maslahatlariga hurmat bilan qarashingizni ko`rib, o`zini oilaning ajralmas bo`lagi, deb hisoblaydi.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.