Bir kuni Li Bek va uning qizi Ameli tavallud kunlarini o`zgacha nishonlashga qaror qilishdi. Shovqin-suronli ziyofat o`rniga ko`z ko`rib, quloq eshitmagan ishga qo`l urishdi.
Qanday ish ekan, deysizmi? Ota-bola yil davomida 39 ta xayrli ishni amalga oshirishdi. Nega aynan o`ttiz to`qqizta?Chunki ota 32 yoshni qarshiladi, qizaloq esa 7 ga to`ldi.
Ota va qiz Beklar ona shaharlari Oksford (Buyuk Britaniya)da istiqomat qiladigan odamlarga yordam qo`lini cho`zib, shunchaki “rahmat” aytishmoqchi bo`lishgan.
Marhamat, bu xayrli ishlarning ba`zi birlari bilan tanishing.
Ikkovlon:
Polisiyachi va o`t o`chiruvchilarga shokolad olib kelishdi;
kir yuvadigan xonada ulardan so`ng keladiganlarga pul va “Bepul shokolad! Ezgulik tantanasidan bahra oling! Ehtimol, siz ham biron kimsa uchun savob ish qilarsiz? Ko`rishguncha!” deb yozilgan maktubcha qoldirishdi;
mahalliy bolalar kutubxonasiga bir qancha kitoblar topshirishdi;
o`tkinchilarga “Omad!” deb bitilgan lotoreya chiptalarini tarqatishdi;
xiyobondagi tashlandiq lash-lushlarni yig`ishdi;
atrof-muhitni asrab-avaylash jamg`armasiga xayr-ehson qilishdi;
muhtojlarga eski kiyimlarni hadya etishdi;
Ameli maktabga turli-tuman qalamlar olib kelib, sinfdoshlariga tarqatdi;
keyinroq bolakaylar topib olishi uchun xiyobonga o`yinchoq dinozavrlarni yashirib qo`yishdi;
telefon budkasida notanish odam uchun shokolad bilan aqcha qoldirishdi.
Odamlar suvga tanga tashlab, niyat qilishlari uchun aqcha qoldirish g`oyasidan Amelining boshi ko`kka etgan bo`lsa, Li uchun savob ishlarining eng muhimi va yoqimlisi — qachonlardir buvisiga g`amxo`rlik ko`rsatgan doktorlar hamda hamshiralar ishlaydigan shifoxonaga borib, ularning bog`iga ko`rkam, manzarali o`simlik sovg`a qilish bo`ldi.
Ota va qiz kelgusida savob ishlarni davom ettirish niyatida.
Bu otaning tarbiya usuli ko`pchilikka o`rnak bo`lsa, ajabmas. Haqiqatan ham dunyoni go`zal va yorqin ranglarda ko`radigan bo`lib ulg`ayishi uchun farzandlarni mana shunday ruhda tarbiyalash lozim.