AsosiyRekord

DUNYoNING 100 TA ENG KUChLI IQTISODChISIDAN BIRI

'DUNYoNING 100 TA ENG KUChLI IQTISODChISIDAN BIRI'ning rasmi

Zaminimiz buyuk allomayu olimlar yurti. Matematikaning otasi Muhammad Muso Xorazmiy, tibbiyot dahosi Abu Ali ibn Sino, yulduzlar ilmi asoschisi Mirzo Ulug`bek va yana Ahmad Farg`oniy, Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy kabi buyuklar etishib chiqqan maskan. Inchunin, bugun ham o`sib kelayotgan kelajak avlodlar qonida ana shu bobolarimizning qoni oqayapti, desak mubolag`a bo`lmaydi. Sport, madaniyat, ilm-fan va boshqa ko`plab sohalarda jahon sahnalarini zabt etayotgan va O`zbekiston bayrog`ini ko`klarga ko`targan yuzlab yoshlarimiz bunga yorqin misol. Yodingizda bo`lsa, gazetamizning o`tgan sonlarida dunyoga mashhur Google va Facebook kompaniyalarida faoliyat olib borayotgan o`zbek yigitlari haqida ma`lumot bergandik. Bugungi qahramonimiz esa aniq fanlar bo`yicha yuksak intellekt sohibi, dunyoning eng kuchli iqtisodchilari yuztaligi reytingidan munosib joy olgan o`zbek yigiti Raufxon Salaxo`jaev...

REYTINGDA MDHdan FAQAT O`ZBEKISTON

Mazkur reyting RePEc (Research Papers in Economics) “Iqtisodiyot fanlari bo`yicha ilmiy maqolalar” tashkiloti tomonidan tuzilgan bo`lib, loyihani AQShdagi Federal rezerv banki tadqiqotlar bo`limi muvofiqlashtiradi va dunyo bo`ylab 50 mingdan ortiq iqtisodchilar faoliyati kuzatib boriladi. RePEc maqolalarga keltirilgan iqtiboslar, chop etilgan jurnal nufuzi kabi kategoriyalarga asoslanib, turli toifalar bo`yicha eng yaxshi iqtisodchilar reytingini tuzadi. Reytingda asosan Garvard, Yel universitetlari, London iqtisod maktabi bitiruvchilari va xodimlari ustun turganini ko`rish mumkin. Lekin...

Ro`yxatni ko`zdan kechirar ekansiz, birinchi elliktalikda Osiyodan uch vakil: Yaponiya, O`zbekiston va Hindiston. MDH davlatlaridan esa yagona nomzod O`zbekistondan. Dunyoning 100 ta eng kuchli yosh iqtisodchilari orasida Angliya banki, Garvard, Stenford universitetlari, Parij Iqtisod maktabi nomzodlarini ortda qoldirib, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti iqtisod fani o`qituvchisi Raufxon Salaxo`jaev 32-o`rinda turibdi.

XORAZMIY MASh`ALINI QO`LIDA TUTIB...

Zamondoshimiz Xorazmiy yoqqan olovni qayta alangalatdi. Hali o`ttiz yoshni qar­shi­lamagan qahramonimiz mak­roiqtisoddagi yangi yo`nalish “Iqtisodiy o`sishning chuqur omillari” bo`yicha tad­qiqot olib borayotgan kam sonli olimlardan. Ilmiy ishi davlatlarning iqtisodiy rivojlanishida intellektual kapital va bozor institutlarining rolini tadqiq etishga bag`ishlangan. Raufxonning 20 ga yaqin ilmiy maqolasi “Intelligence”, “Kyklos”, “Environmental Research” kabi dunyoning etakchi ilmiy jurnallarida chop etilgan, “Forbes” agentligi, “National Policy” instituti tomonidan yuqori baholangan. Yosh iqtisodchi olim 2012 yili AQShning “Fulbright” stipendiyasi g`olibi bo`lib, Nyu-York davlat universitetida iqtisod magistri ilmiy darajasini ham olgan. Hozir ta`lim dargohida muallimlik qilish bilan birga O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutida katta ilmiy xodim hamdir.

Raufxon Salaxo`jaevning muvaffaqiyati Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti uchun London Iqtisod maktabi (Buyuk Britaniya), Angliya banki va Braun universiteti kabi nufuzli ilmiy markazlar qatoriga kirishga yo`l ochdi. O`zbekistonning ushbu reytingdagi ishtiroki mamlakatimiz nufuzi, ilmiy salohiyatiga baho berish, uning kelajakdagi iqtisodiy rivojiga ta`sir etishi shubhasiz.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar