... Kun davomida ish bo`yicha muhim hisobot tayyorlash yoki biror loyiha haqida bosh qotirish kerak. Ammo odatdagidek, buni ortga suramiz va kun oxiriga kelib, juda charchaganimizni, tezroq uyga borishimiz kerakligini, bu yumush bilan ertaga, albatta, shug`ullanishimizni o`zimizga-o`zimiz ta`kidlaymiz.
Bu yalqovlik kasaliga mubtalo bo`lganimizdan dalolat emasmikan? Axir, kimdir haftada bir kun erinchoqlik qilsa, boshqa birov bu “ezgu yumush”ga naq besh kunni sarflaydi. Hatto doimiy yalqovlikdan xalos bo`la olmaydiganlar ham oramizda kam emas. Eng yomoni shuki, dangasalik, erinchoqlik tufayli yillar davomida orttirgan “tajriba”mizdan kelib chiqib, o`zimizga-o`zimiz osongina engilishga odatlana boramiz va asta-sekin omadsizlikka yuz tutayotganimizni anglamay ham qolamiz. Demak, “buyuk yalqov bo`lib etish”masdan avval bu “xislat”ni yaxshi ma`nodagi ayyorlik bilan engishga harakat qilishimiz kerak.
Birinchi qadam muhim!
Ming chaqirimlik yo`l ham birinchi qadamdan boshlanadi, degan gap aynan dangasalarni tarbiyalash uchun o`ylab topilgan bo`lsa kerak. Chunki siz javoningizda dazmol bosilishi kerak bo`lgan kiyim-kechaklar uyilib yotgan bo`lsa-da, hali ham televizor qarshisida o`tiribsiz. Bahonangiz tayyor: charchadim, bu yumushlarni tugatgunimcha eh-he... Shunday paytda shunchaki o`rningizdan turib, eshik oldiga boring. Bu kichik qadam katta ishlarni boshlashga sabab bo`ladi.
Katta yumushni kichik bo`laklarga ajratish kerak
Katta ishlarning mas`uliyati har qanday kuchli istakni ham so`ndirishi mumkin. Shuning uchun psixologlar biroz hiyla ishlatishni tavsiya qilishadi: bitta katta yumushni o`nta kichigiga taqsimlab chiqing. Ulardan birini bajarganingizdayoq, o`z-o`zingizdan qoniqish hosil qilasiz va keyingisiga kirishib ketasiz.
Rejalashtirish usuli
Ishlaringizni tartibga solganingiz hamon ular u qadar ko`p emasligiga amin bo`lasiz. Buning uchun bir dona oq qog`oz olib, uni to`rt buklang. Bo`yiga “shoshilinch” yoki “shoshilinch emas” deb, eniga esa “muhim” yo “muhim emas”, deb sarlavha qo`ying va bajarishingiz kerak bo`lgan ishlarni saralab oling.
Ishtiyoq uyg`onsin
Ishtiyoq – juda kuchli xohishdir. Ammo, kunu tun u haqda o`ylasangiz ham xohish so`nib qolishi mumkin. Xo`sh, nima qilish kerak? Bajarishingiz lozim bo`lgan ish haqida ko`proq ma`lumot to`plang. Yangi fikrlar, g`oyalar shundagina paydo bo`ladi va asta-sekin sizda ishtiyoq tug`iladi.
Sabablarga oydinlik kiriting
Har bir harakat asosida o`ziga yarasha sabablar bo`ladi. Xuddi shu yozilmagan qoida biror ishni bajarmaslikka ham taalluqli. Shu bois agar kundan-kunga hisobotni kechiktirib borayotgan, ishlarni ortga surayotgan bo`lsangiz, ishingizni o`zgartirish yoki boshqa biror chora haqida o`ylab ko`ring.
Muddatni o`zgartirish ham foydali
Bu usul tabiatan g`ayratli odamlarga mo`ljallangan. Masalan, rahbariyat aytgan oxirgi muddatdan avvalroq shu ishni yakunlashga harakat qilishni olaylik. Bunda ishingiz oldinga siljiyotganini sezishingiz aniq. Zero, boshqalardan avvalroq ishni uddalaganingiz uchun o`zingizga ishonchingiz ortadi. Bu esa omad kalitidir.
Aniq maqsad sari
Ko`pincha, biror ishni boshlashdan avval omadsizlikka uchrashdan qo`rqamiz va uni iloji boricha ortga suramiz. Shu bois psixologlar amalga oshirish u qadar qiyin bo`lmagan maqsadlar sari intilish kerakligini ta`kidlashmoqda. Bunday qiling: biror ishni boshlayotganda uning natijasi haqida bosh qotirmay, yaxshisi, orttirishingiz mumkin bo`lgan tajriba haqida o`ylang. Ilg`orlik maktab chog`ida yaxshidir, balki. Ammo, mustaqil hayotda “a`lochi qiz” sindromi doim ham naf keltiravermaydi.