1

Andijonda uch kunlik xronometraj tadbirida savdo tushumlari salkam 120 million so`mga oshirildi

Iqtisodiyot 06.02.2019, 12:52
Andijonda uch kunlik xronometraj tadbirida savdo tushumlari salkam 120 million so`mga oshirildi

Bugungi kunda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun soliq yuki pasaytirilib, imkoniyatlar ko`lami tobora kengaymoqda. Jumladan, yuridik shaxslar uchun yagona ijtimoiy to`lovning miqdori 12 foiz qilib belgilandi. Shunday engilliklar yaratilganiga yarasha tadbirkorlik sub`ektlari belgilangan qonun-qoidalarga amal qilyaptimi?

Ushbu savolga Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan joriy yilning o`tgan davri mobaynida o`tkazilgan 292 ta xronometraj tadbirida javob topildi: 150 nafar kishi norasmiy ravishda ishlayotganligi aniqlandi.

Xususan, Oltinko`l tumani Qo`shtepa saroy mahalla hududida faoliyat yuritayotgan “Mubina grand tekstil” mas`uliyati cheklangan jamiyati hisobotlarida 33 nafar xodim ishlayotganligini ko`rsatib kelgan. Tadbir chog`ida korxona 62 nafar ishchisiga konvert usulida maosh berib kelayotganligi ayon bo`ldi.

“Qo`shimcha ishchi” o`rni yaratib, ularni yashirish borasida “Oltinko`l universal savdo” markazi ham aslo qolishmagan. Hujjatda 22 nafar xodim bor. Ammo 34 kishi mehnat qilayotganligi aniqlandi.

Non - aziz ne`mat, shuningdek, halollik ramzi hamdir. Uni tayyorlashga yolg`on, firib aralashtirish eng katta gunoh. “Ittifoq” mahallasidagi “Oltinko`l non ishlab chiqarish” mas`uliyati cheklangan jamiyati halollikdan ko`ra, daromad cho`g`ini ustun qo`ydi. Aslida 12 kishi mehnat qilayotgan bo`lsada, jamiyat o`z hisobotlarida faqat 1 nafar xodimni ko`rsatgan holos. 11 ishchiga “konvert” usulida haq to`lab kelgan.

- Mana, yana bir misol, - deydi Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi bo`lim boshlig`i Akromjon Ochilov. - “Anjom” ko`p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi esa foydani oshirishning ikki yo`lini o`ylab topgan. Sodda qilib aytganda, davlat byudjetiga tushishi kerak bo`lgan mablag`larni ham enidan, ham bo`yidan “urib” kelganligi tadbir davomida aniqlandi. Birinchidan, korxona ishchilari sonini o`z hisobotlarida 5 ta ko`rsatgan. Aslida esa 23 kishi mehnat qilayotganligi ma`lum bo`ldi. Ikkinchidan, naqd pul tushumi ham chakki bo`lmagan. Lekin o`zini go`yoki “kamtarona” savdo qilayotganday ko`rsatgan. Bir hafta oldin korxonaning savdo tushumi 100 ming so`m bo`lgan, tadbir kuni qariyb 50 barobarga oshib, 4 million 946 yarim mingni tashkil etdi.

Yana bir qiziq holat. Markazda joylashgan ushbu umumiy oqatlanish korxonasining to`lov terminali bo`lmasligi mumkinmi? Ha, o`z manfaatini ustun qo`yib, soliqdan qochadiganlar bunga ham chora toparkan. Birovnikini xuddi o`zinikiday qilib ko`rsatishdan ham tap tortmaydi. Korxonaning to`lov terminali tekshiruvdan o`tkazilganda, u yakka tartibdagi tadbirkor Abdulhamid Mo`minovga tegishli ekanligi ayon bo`ldi.

Shuningdek, xronometraj tadbirlarida savdo tushumi o`tgan haftaning mos kunlariga nisbatan “Darvoza savdo” mas`uliyati cheklangan jamiyati Qo`rg`ontepa shahobchasida 5 million 860 ming so`mga, Asaka shahobchasida 24 million 484 ming so`mga, Izboskan shahobchasida esa 3 million 695 ming so`mga oshdi.

Umuman olganda, uch kunlik tadbir mobaynida 8 ta tadbirkorlik sub`ektining savdo tushumlari 122,9 foizga oshib, 119 million 868 ming so`mni tashkil etishiga erishildi.

Xalqimizda “O`g`ridan qo`rqma, hisob-kitobi noto`g`ridan qo`rq” degan gap bor. Qaysi sohada faoliyat olib bormasin, o`zini hurmat qilgan tadbirkor, avvalo hisob-kitobini to`g`ri yuritadi. Shunda o`zi ham, el ham, mamlakat ham naf ko`radi.

Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi

jamoatchilik bilan aloqalar va

huquqiy axborot sho``basi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1