Simferopoldan Moskvaga uchayotgan A-321 yo`lovchi samolyoti Moskva oblastining Jukovskiy aeroportiga favqulotda qo`nishni amalga oshirdi.
Qattiq qo`nish vaqtida yo`lovchilardan yigirma nafari tan jarohati olishdi. Ularning barchasi shifoxonalarga etkazilgan. Samolyot aeroport uchish- qo`nish yo`lagidan 3-5 km masofaga chiqib ketib, makkajo`xori dalasiga qo`ngan. Taxminlarga ko`ra, layner havoga ko`tarilish vaqtida dvigateliga qushlar kirib ketishi avariyani keltirib chiqargan. Buning oqibatida dvigatellarda yong`in boshlanib, ular ishlashdan to`xtagan. Uchuvchilar samolyotni shassisi yig`ilgan holatda qo`ndirishga muvaffaq bo`lishdi. Yaxshiyamki, uchish-qo`nish yo`lagi oldida makkajo`xori dalasi bo`lgan, yaqin tevarak atrofda qurilish ob`ektlarining yo`qligi dahshatli fojianing oldini oldi. Xabarlarga ko`ra, layner «Uralskie avialinii» kompaniyasiga tegishli bo`lgan.
Halokat ro`y bergan vaqtda samolyot bortida 234 nafar yo`lovchi va 7 nafar ekipaj a`zosi bo`lgan. Ekipaj a`zolari zudlik bilan evakuasiya choralarini ko`rib, yo`lovchilarning bortni tark etishiga yordam berishgan. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu reysda parvoz etgan yo`lovchilar uchuvchilarning mahoratini e`tirof etishmoqda. Xalqaro fuqaro aviasiyasi tashkiloti IKAO ma`lumotlariga ko`ra, har yili samolyotlarning qushlar to`qnashuvi bilan bog`liq 16 mingdan ortiq holat qayd etiladi. Agar qushlarning og`irligi 1,8 kg dan oshmasa zamonaviy dvigatellar bunday to`qnashuvlarni engishga qodir. Statistik ma`lumotlarga ko`ra, g`ozlar bilan to`qnashuv turbina dvigatelli laynerlar uchun ayniqsa xavflidir.