AsosiyJamiyat

Sog`liqni saqlash vazirligi jurnalistlardan har bir jarayonga xolis yondashishni so`radi

'Sog`liqni saqlash vazirligi jurnalistlardan har bir jarayonga xolis yondashishni so`radi'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligi Ommaviy axborot vositalari vakillaridan har bir jarayonga, bildirilgan munosabatga nisbatan xolis yondashishlarini so`radi.

Bugungi kunda yurtimizda demokratik islohotlarni jadallashtirish, barcha sohalarda shaffoflikni ta`minlashga jiddiy e`tibor qaratilmoqda. Bunda, shubhasiz, ommaviy axborot vositalarining tutgan o`rni alohida. So`nggi paytlarda ular davlat va xalq orasidagi mustahkam ko`prikka aylanib, mavjud ko`plab muammo va kamchiliklarning o`z vaqtida va tezkor echim topishida o`zlarining munosib hissasini qo`shib kelishmoqda. 

Shu bilan birga, ayrim OAV tomonidan ba`zi hollarda mavjud jarayon yoki mas`ullar tomonidan bildirilgan fikrning noto`g`ri talqin etilishi natijasida odamlarda o`sha sohaga nisbatan noto`g`ri munosabat shakllanib qolmoqda. Jumladan, kuni kecha Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Abduhakim Xadjibaev tomonidan bildirilgan munosabatni ayrim OAV vakillari asosiy kontekstdan uzib olib, umuman boshqa ma`noda talqin qilishgani ijtimoiy tarmoqlarda ko`plab noo`rin muhokamalarga sabab bo`ldi.

Aslida esa siyosiy partiyalar vakillari tomonidan bildirilgan tibbiyot xodimlari moddiy ta`minotini kuchaytirish xususidagi fikrlarga nisbatan bildirgan munosabat umuman boshqacha mazmunda edi. Unda bildirgan fikrni aynan keltiramiz: “Oxirgi ikki yil ichida shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida faoliyat yuritadigan 500 ga yaqin vrachning 160 dan ortig`i xususiy tibbiyot muassasalariga ishga o`tib ketdi. Asosan yuqori malakali shifokorlar shunday ish tutdi. Bu, tabiiy, deb o`ylayman.

Chunki xususiy klinikalarda oylik maosh katta va salohiyatga talab ham shunga yarasha. Ayni damda sog`liqni saqlash sohasida 60 mingdan ziyod shifokor ishlaydi. Bir yil ichida ularning oylik maoshi 40 foizga ko`tarildi. Menimcha, endi sog`liqni saqlash tizimidagi barcha xodimlarning oylik maoshini birday oshirish kerak emas. Ularning malakasi, o`sish potensialiga qarab moddiy rag`batlantirish kerak. Buni vazirlikning o`zi amalga oshira olmaydi. Parlament bu bo`yicha qonunlar doirasida aniq mexanizmni ishlab chiqishga ko`maklashsa, maqsadga muvofiq bo`ladi”.

Ushbu bildirilgan mulohazaning ma`lum qismini umumiy kontekstdan uzib olib, deyarli teskari mazmunda, asossiz vahima bilan talqin etilishi aholi e`tiroziga, va tabiiyki, shifokorlarning ham noroziligiga sabab bo`ldi. Aslida esa tibbiyotda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar ijrosi yo`lida tinim bilmay mehnat qilayotgan shifokorlarimiz har qancha qo`llab-quvvatlashga, ehtiromga munosib. Adolat nuqtai nazaridan aytadigan bo`lsak, shifokorlarni mehnati, tajriba va malakasiga qarab rag`batlantirish lozim. Bu malakali xodimlarning davlat tibbiyot muassasalarida samarali faoliyat yuritishini ta`minlaydi, o`z ustida doimiy ravishda ishlashiga turtki bo`ladi, shu bilan birga, yoshlarda ham shifokorlik kasbiga bo`lgan qiziqishning oshishiga sabab bo`ladi.

Shu o`rinda ommaviy axborot vositalari vakillaridan har bir jarayonga yoki bildirilgan munosabatga xolis yondashgan holda, mazmun-mohiyatini aholiga to`g`ri va tushunarli tarzda etkazishga harakat qilishlarini so`rab qolamiz. Bugungi axborot zamonida to`g`ri yondashuv, ma`lumotlarning aniq va xolis bo`lishi qanchalik muhim ekanini siz, hurmatli jurnalistlar, bizdan ko`ra yaxshi anglaysizlar.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar