Yakkabog` tumanidagi 68-maktabda 3 smenada dars o`tilmoqda. Bu haqda 134-Yakkabog` caylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod Shaxnoza Xolmaxmatova «Nasafnews»ga xabar bergan.
Tatar MFY hududida joylashgan 68-sonli maktabda Tatar MFYga tutash bo`lgan Suvlisoy MFY va Haydarbuloq MFYda yashovchi aholining maktab yoshidagi farzandlari ham tahsil olishadi. Mazkur maktab 216 o`ringa mo`ljallangan bo`lsada bugungi kunda ta`lim dargohida 370 nafar bola tahsil olmoqda.
– Farzandim qariyb 8 km uzoqlikdan piyoda maktabga qatnaydi, – deydi Suvlisoylik Murodilla Nuriddinov. – Maktabda tahsil olayotgan o`quvchilar soni ko`pligi boisidan o`quv dargohida 3 smenada dars o`tiladi. Shu bois, 3 smenada o`quvchi bolalarga kechki soat 19:00da javob beriladi, 8 km masofa va bir yarim soat vaqt ketishini hisobga olsak, loy kechib farzandim soat 20:30da uyga kelmoqda.
Maktabning shart-sharoiti bilan tanishgan nomzodning aytishicha, maktabda ozodalik xukmron, bog`-rog`lar tartibga keltirilgan.
– Maktabimizdan har yili o`nga yaqin bolalar oliy ta`lim muassasalari talabalariga aylanishmoqda, -deydi 68-sonli maktab direktori Zamira Lutfullaeva. – Barcha imkoniyatlar bilan ta`minlangan maktabimizda qo`shimcha bino qurib berilsa, o`quvchilarning vaqtida uyga qaytishlari ta`minlangan bo`lar edi. Hattoki, sinfxonalar etishmayotganligidan erkin to`garaklarni yakshanba kunlari tashkil qilyapmiz.