1

Endi barcha yirik korxonalar savdo-sanoat palatasiga majburiy a`zo qilinishi mumkin

Iqtisodiyot 15.01.2020, 19:39
Teglar: Savdo-sanoat palatasi, a`zolik
Endi barcha yirik korxonalar savdo-sanoat palatasiga majburiy a`zo qilinishi mumkin

O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi korxona va kompaniyalarning tashkilotga a`zo bo`lishini tartibga soluvchi qonunchilik me`yorlariga o`zgartish kiritish taklifi bilan chiqdi. 

Bu boradagi tegishli qonun loyihasi muhokama uchun regulation.gov.uz. portalida keng jamoatchilikka taqdim etildi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasining rasmiy saytida axborot berildi.

2018 yil 9 iyulda qabul qilingan yangi tahrirdagi “O`zbekiston Respublikasining Savdo-sanoat palatasi to`g`risida”gi qonuniga muvofiq, hozirda mazkur palataga a`zo bo`lish kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari uchun ixtiyoriy, boshqa tadbirkorlik sub`ektlari uchun esa majburiy hisoblanadi. Yangi qonun loyihasida ushbu tartibga o`zgartirish kiritish va a`zolikni faqat kichik tadbirkorlik sub`ektlari uchungina ixtiyoriy qilish taklif etilmoqda. Qolgan barcha korxonalar Savdo-sanoat palatasiga a`zo bo`lishi shart.

“O`zbekiston Respublikasining Savdo-sanoat palatasi to`g`risida”gi qonuniga o`zgartirish kiritish zarurati ko`plab yirik korxonalarning ushbu palataga a`zo bo`lishdan bosh tortishlari bilan bog`liq. Masalan, bu borada 827 murojaat kelib tushgan bo`lib, ularda yirik korxonalar, o`zlarini xususiy deb oqlaganlari holda majburiy a`zolik to`g`risidagi shartnomani tuzishdan bosh tortgan. Ushbu muammoning ildizlari amaldagi qonunchilikda “xususiy tadbirkorlik” degan tushunchaga aniq izoh yo`qligi bilan ifodalanadi.

Ta`kidlash joizki, Savdo-sanoat palatasiga a`zo bo`luvchi korxonalarga huquqiy himoya taqdim etiladi. Ular mamlakatimizning amaldagi qonunchiligiga muvofiq, soliqqa tortish, bojxona, xo`jalik huquqi, qurilish kabi sohalar bo`yicha bepul maslahatlar oladi. Shuningdek, palata o`z a`zolarining huquqi va qonuniy manfaatlarini davlat sudlari va organlari, turli tadbirkorlik sub`ektlari, xorijiy hamkorlar bilan o`zaro munosabatlar jarayonida ham himoya qiladi. Bundan tashqari, u milliy ishlab chiqaruvchilarning tovarlarini xorijiy bozorlarga, jumladan, palataning xorijiy vakolatxonalari va savdo uylari orqali olib kirishga ko`maklashadi.

Yuqoridagi hujjat loyihalar, me`yoriy-huquqiy hujjatlar muhokama qilinadigan regulation.gov.uz portalida e`lon qilingan bo`lib, bu erda har kim joriy yilning 28 yanvariga qadar ushbu qonun loyihasini takomillashtirishga doir o`z takliflarini kiritishi mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1